Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirus bilan kasallanib, uni yengib o‘tganlarga ham vaksina bilan emlanishni tavsiya qildi. Ta’kidlanishicha, bemor agar ushbu virus bilan oldin to‘qnash kelgan bo‘lsa, vaqsina immun tizimi javobini yanada kuchaytiradi. Bu haqda JSST rahbari o‘rinbosari Sumiya Svaminatan ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, COVID-19'ni boshdan o‘tkazgan bemorda kasallik yengil ko‘rinishda yoki asoratlarsiz o‘tgan bo‘lsa, immunitening virusga qarshiligi unchalik kuchli bo‘lmasligi mumkin.

Vaksina koronavirusni yenggan insonlar organizmi uchun tanish bo‘lgan antigen olib kiradi. Shu sabab, emlash ushbu kasallikka ko‘rsatiladigan qarshilikni faqat kuchaytirdi, deya ma’lum qildi JSST rahbari o‘rinbosari.

Shunday bo‘lsa-da, JSSTning O‘zbekistondagi vakilligi rahbari Lian Kuppensning ta’kidlashicha, hatto emlangandan so‘ng ham ehtiyot choralariga amal qilishda davom etish lozim. «Biz hozircha COVID-19'ga qarshi vaksinaning virusdan himoya qila olishi yoki virus tarqalishini oldini olishi mumkinligi haqida aniq bilmaymiz», — deya xabar berdi u «Gazeta.uz»ga.

«To‘g‘ri, vaksinalar kasallikni oldini olishi mumkin. Biroq vaksinaning bolalar uchun samarali ekanligini isbotlaydigan dalillarimiz yo‘qligini ham unutmaylik», — dedi u.

Olimlar hozircha vaksina bilan emlangan bemorning immuniteti organizmni qanchalik uzoq vaqt himoya qila olishi haqda aniq bilishmaydi. JSST ushbu savol hali ham o‘rganilayotgani haqida ma’lum qildi.