O‘zbekiston xalqi hokimlar sayloviga tayyor, deb hisoblaydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Liberal-Demokratik Partiya (O‘zLiDeP) fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev.

«Kim aytdi tayyor emas deb? Men to‘g‘risini aytsam saylov yo‘li bilan tayinlashga tayyor emas degan fikrdan yiroqman. Men hokimlar saylov yo‘li bilan saylanishga tayyor emas deb hisoblayman. O‘zlari tayyor emas. Qo‘rqishadi, „saylov yo‘li bilan bo‘lsa, men o‘tolmay qolsam kerak. Menga kim ovoz beradi“ deb. Ishonchni yo‘qotib qo‘yilganda bu. Aslida, xalqimiz tayyormas deb, shu gapni aytayotganning o‘zi qo‘rqadi. O‘zi saylay olmas bo‘lishi mumkin. Mana shunday deb o‘ylayman», — dedi deputat Yangiyo’lliklar TV loyihasiga bergan intervyusida.

Rasul Kusherbayev O‘zbekiston aholisi o‘z fikrini bildira oladigan darajada yetarlicha savodli ekanligini ta’kidladi.

«Qanaqasiga [xalq] tayyor emas bo‘lishi mumkin? Qanaqasiga odamda fikr bo‘lmaydi? Nima u o‘qimaganmi? Junglidan chiqqanmi, hayvonlarning orasidan chiqqan, hech narsani bilmaydigan? Kechirib qo‘yasiz, xalqimiz o‘qish-yozishni biladi. Fikr aytishni biladi. Qachon tayyor bo‘lmaydi odam? Junglida hayvonlar orasida yashagan bo‘lsa, yovvoyi bo‘lib turib, saylov nima, odam nima tushunmasa. Tayyor emas degan narsaga men qo‘shilmayman. Tayyor, faqat shunga ruxsat beradiganlar tayyor emas. Ularda qo‘rquv bo‘lishi mumkin. Qaysi ma’noda, ular xohlagan odamni, odamlar saylamasligi mumkin», — deb aytdi u.

Bundan tashqari, Rasul Kusherbayev mahalla raislarini saylashda hokimliklarning kimgadir «loyalnыy» bo‘lib, kimnidir saylanishini xohlashini ta’kidladi (qonunga ko‘ra, fuqarolar yig‘ini raislari (oqsoqollari) nomzodlari hokimlar bilan kelishiladi).

«2−3 ta nomzodni ko‘yadimi, boshqalarini chiqarib yuboradi. Chunki bu ertaga jonimga tegib, qiynaydi deyishi mumkin. Lekin xalq qo‘ymasa, men bir necha joyda ko‘rganman, yo‘q shuni qo‘yamiz deganini, majbur bo‘lib qo‘ygan. Shunday paytlar ham bo‘lganki, hokim umuman boshqa odam o‘tishini xohlagan, lekin odamlar uni xohlamay boshqa odamni saylagan. Mana shu yerda nazoratni qo‘ldan chiqarib qo‘ygan. Deputatlik saylovlarida ham shunaqa. Ko‘rganman nechtasini. Misol uchun odamlar o‘zlari saylashgan qancha odamni. Hech kimning ta’sirisiz. Lekin, birovlarning xohishi bilan o‘tganlar ham bor…», — dedi deputat.

2016 yilda Shavkat Mirziyoyev ilk bor O‘zbekistonda hokimlar halq tomonidan saylanishi haqida taklif bildirgan edi. 2017 yil avgust oyida prezident hokimlarnining xalq saylovi tizimini joriy etishga tayyorligini e’lon qilgandi.

«Men shuni xohlayman. Agar [hokimni] xalq saylasa, u xalq manfaatlari yo‘lida ishlasa, prezidentga yana kim kerak? Saylovchilar va saylanuvchilar bunga tayyormi yoki yo‘q, bu boshqa masala. Saylanadigan hokimning darajasi hozirgi zamonga mos keladimi?», — degan edi u.

2020 yilning sentyabrida davlat rahbari hokimlar halq tomonidan saylanishi kerakligi haqida yana bir ta’kidlagan edi. «Hokimlarni xalq saylashi kerak. Shu kunlarga baribir kelamiz», — degan edi prezident.

Hozirda viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tegishli xalq deputatlari kengashi tomonidan tasdiqlangandan keyin prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.