20 fevral kuni Bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov «SUEZ» kompaniyasining (Fransiya) katta ijrochi vitse-prezidenti Erik Gebali boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashdi. Bu xaqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuv doirasida Toshkent va Samarqand shaharlarida suv ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish yuzasidan loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Fransiya kompaniyasi rahbariyati Fransiya hukumati Toshkent shahrining suv ta’minoti tizimini yaxshilash loyihasini amalga oshirish uchun 145 mln yevro miqdorida mablag‘ ajratishni ma’qullaganini ma’lum qildi. Shuningdek, uchrashuvda loyiha hujjatlarini tayyorlash va ularni hayotga tatbiq etilishini tezlashtirish bo‘yicha masalalar hamda navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi.

Fransiya tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlaridagi umumta’lim maktablarini ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihasi amalga oshirishni rejalashtirilmoqda. Loyiha kompaniyaning grant asosida ajratilgan mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.