Davlat soliq xizmati organlari faoliyati shubhali deb topilgan korxonalar reyestridagi 396 ta tadbirkorlik sub’ekti bilan amalga oshirilgan bitimlarni o‘rganib chiqish uchun tezkor ravishda kameral soliq tekshiruvlarini o‘tkazmoqda.

Bundan avval, soliq xavfini boshqarish va tahlil qilish natijasida soliqlarni kamroq to‘lash maqsadida, pul mablag‘larini naqdlashtirish bilan shug‘ullanuvchi 396 ta «bir kunlik firmalar» xizmatidan foydalangan 10 mingga yaqin tashkilotlar ro‘yxati shakllantirilgan edi. Byudjetga to‘lanmagan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasining o‘rnini qoplash maqsadida 396 ta «shubhali» korxona va ularning deyarli 10 mingga yaqin biznes hamkorlarining shaxsiy kabinetlariga 5 kun muddatda inkasso topshiriqnomalari qo‘yilishi bo‘yicha xabarnomalar yuborilgan bo‘lgan.

Qo‘mita tomonidan har bir hududda ushbu masala bo‘yicha ishchi guruhlar tuzilgan (murojaat uchun).

Hozirgacha shubhali korxonalar bilan «soxta» operatsiyalarni amalga oshirgan 7990 ta tadbirkorlik sub’ekti aniqlandi. Ushbu noqonuniy operatsiyalar:

  • qurilish sohasida — 35% (201,9 mlrd so‘m);
  • savdo sohasida — 25% (467,8 mlrd so‘m);
  • ishlab chiqarish sohasida — 18% (96,7 mlrd so‘m);
  • xizmat ko‘rsatish sohasida — 14% (69,5 mlrd so‘m);
  • boshqa yo‘nalishlarda — 8% (83,5 mlrd so‘m)ni tashkil etdi.

Joriy yilning 21 fevral holatiga respublika bo‘yicha jami 2534 ta korxonada 534,6 mlrd so‘mlik asossiz hisob (zachet)ga olingan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) summalariga aniqlik kiritish bo‘yicha kameral soliq tekshiruvlari yakunlandi. Natijada:

«Soxta» operatsiyalar faktlari 2238 ta korxonada (498,9 mlrd so‘m) tasdiqlandi:

  • qurilishda 943 ta tadbirkorlik sub’ekti (93,5 mlrd so‘m);
  • savdoda 658 ta tadbirkorlik sub’ekti (271,8 mlrd so‘m);
  • xizmat ko‘rsatishda 293 ta tadbirkorlik sub’ekti (30,6 mlrd so‘m);
  • ishlab chiqarishda 344 ta tadbirkorlik sub’ekti (42 mlrd so‘m);
  • boshqa yo‘nalishlarda 154 ta tadbirkorlik sub’ekti (60,8 mlrd so‘m).

QQS summasini noqonuniy hisob (zachet)ga olish fakti ayrim hollarda qisman 66 ta korxonada tasdiqlandi (8,1 mlrd so‘m).

QQS summasini to‘g‘ri hisob (zachet)ga olinganligi bo‘yicha 27,6 mlrd so‘mlik asoslantiruvchi hujjatlar 80 ta korxona tomonidan taqdim etildi. Bunga asosan ortiqcha mablag‘larni qaytarish yuzasidan tezkor jarayonlar boshlandi.

Kameral soliq tekshiruvlari jarayonida 118 ta korxona tomonidan QQS summasini to‘g‘ri hisob (zachet)ga olish bilan bog‘liq boshqa huquqbuzarliklar ham aniqlanib, ularga nisbatan 5,3 mlrd so‘mlik soliqlar qo‘shimcha hisoblandi.

Murojaatlarni ko‘rib chiqish davom etmoqda, deyiladi DSQ xabarida.