OTMlarga kirish imtihonlarida taklif etilayotgan o‘zgartirish qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida «Katta muammolarga yetaklaydigan arifmetika» sarlavhali tahliliy maqolamda yozgandim. Shu maqolamga DTM o‘z javobini beribdi.

Eslatib o‘taman, loyihaga ko‘ra, OTMlarga kirish imtihonlarida abituriyentlar to‘plagan ballarga ularning maktabdagi so‘nggi 6 yillik baholari o‘rta arifmetik ko‘rsatkichini qo‘shib hisoblash taklif etilmoqda. O‘z maqolamda bu loyiha kirish imtihonlari validligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmasligini isbotlashga harakat qilgandim. Shuningdek, maktabda qo‘yiladigan baholar subyektiv ekanligini, bir maktabning qo‘ygan bahosini boshqa maktab bahosiga qiyoslab bo‘lmasligini inobatga olsak, taklif qilinayotgan tizim abituriyentlarga nisbatan adolatsizlik bo‘lishi hamda maktablardagi korrupsiya darajasini oshirishi mumkinligini aytib o‘tgandim.

DTMning «Qaror loyihasi to‘g‘risida» deb nomlangan javob maqolasida aytilishicha, «ayrim internet nashrlarida loyiha haqida ba’zi noto‘g‘ri fikr-mulohazalar bildirilmoqda va Davlat test markazini loyiha muallifi sifatida ayblash holatlari ham kuzatilmoqda».

O‘zbek tilining izohli lug‘atiga ko‘ra, fikr — biron narsaga nisbatan munosabatni, bahoni ifodalaydigan hukm, xulosa. Munosabat, baho — subyektiv tushunchalar bo‘lib, faktlar talqini va ularga emotsional munosabatdan kelib chiqadi. Odamlar ayni bir faktlarga asoslanib, turlicha (hattoki, bir-biriga umuman zid bo‘lgan) xulosalarga kelishlari ham mumkin. Shundan kelib chiqadiki, fikr «noto‘g‘ri» yoki «to‘g‘ri» bo‘lmaydi: fikrga qo‘shilmaslik va unga qarshi dalillar keltirish mumkin.

«Davlat test markazini loyiha muallifi sifatida ayblash holatlari»ga keladigan bo‘lsak, men shunchaki DTM loyihaning muallifi ekanligini qayd etdim, xolos. Axir normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga mazkur hujjat DTM nomidan joylashtirilgan. Maqolamda kimnidir ayblashdan yiroqman, faqat o‘z bilim va tajribamga asoslanib, taklif etilayotgan loyiha oqibatlarini tahlil qilishga harakat qilganman.

DTMning ta’kidlashicha, «loyiha oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda abituriyentlarga keng imkoniyat, sharoit yaratishi bilan birga, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim muassasalari va kasb-hunar maktablarida ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi». Na loyihaning o‘zida, na unga ilova qilingan tushuntirish xatida va na DTMning javob maqolasida loyiha yuqoridagilarga erishishda qanday yordam berishi aniq ko‘rsatilmagan.

DTM loyihani ishlab chiqishda AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya, Avstraliya, Rossiya, Belarus, Turkiya kabi o‘ndan oshiq davlatlar tajribalari o‘rganib chiqilganini ta’kidlamoqda. Yuqorida ko‘rsatilgan davlatlarning qaysilarida OTMga kirish imtihonlari yoki standartlashtirilgan testlar natijalariga maktab baholarini qo‘shish amaliyoti mavjudligini ko‘rib chiqaylik.

AQSh va Kanadada qabul shartlarini universitetlar belgilaydilar va bir universitet belgilagan talab boshqasinikidan farq qilishi mumkin. OTM qabul komissiyasi ko‘pgina omillarga tayanib qaror qabul qiladi: yuqori (9−12) sinflarda bo‘lajak mutaxassislikka oid fanlardan olingan baholar, standartlashtirilgan test (SAT yoki ACT) natijalari, talabgorning o‘qish yoki sportdagi yutuqlari. Aksariyat oliygohlar «Nega men shu oliygohda o‘qimoqchiman?» qabilidagi insholar va o‘qituvchilardan tavsiyanomalar ham talab qilishadi. Ba’zi universitetlar abituriyentlar sonini cheklash maqsadida GPA, ya’ni yuqori sinflarda olingan baholarning o‘rtacha ko‘rsatkichiga minimal talab belgilashlari mumkin: GPA ko‘rsatkichi qo‘yilgan chegaradan past bo‘lgan abituriyent hujjatlari ko‘rib chiqilmaydi. Bunda shuni inobatga olishimiz kerakki, GPAni aniqlashda faqat fandan olingan baholar emas, balki fanga ajratilgan kreditlar miqdori (ya’ni fanni o‘zlashtirish uchun ketadigan vaqt) ham inobatga olinadi. Umuman olganda, OTM o‘z talablaridan kelib chiqib qaror qabul qiladi.

Buyuk Britaniyada ham talablar OTMga qarab farqlanishi mumkin. Lekin, odatda abituriyent taqdiri A-level imtihonlari yoki unga teng kuchli hisoblanadigan muqobil imtihonlar (mustaqil tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan standartlashtirilgan testlar) natijalariga qarab hal qilinadi. Abituriyentlar natijalarini taqqoslashda OTMlar «UCAS tarif ballari»dan foydalanishlari mumkin — bunda A-level yoki unga muqobil imtihonlarda to‘plangan natijalarga muayyan ballar to‘g‘ri keladi. Ayrim universitetlar qo‘shimcha kirish imtihonlari o‘tkazishlari mumkin.

Germaniyada abituriyentni OTMga qabul qilish «Abitur» deb ataladigan standartlashtirilgan imtihon natijalariga asoslanadi. Bu imtihonni o‘quvchilar maktabni bitirayotganda topshirishadi. Tibbiyot singari ayrim sohalar uchun OTMlar alohida qo‘shimcha imtihon olishlari mumkin.

Yaponiyadagi abituriyentlar OTMlarga qabul bo‘yicha milliy test markazi tashkillashtiradigan kirish imtihonlari yoki universitetlarning o‘z imtihonlarida olgan natijalaridan kelib chiqib OTMga qabul qilinadilar. Ba’zi universitetlarda qabul ikki bosqichda o‘tkaziladi: avval milliy test markazi testlari natijalariga tayanib abituriyentlar saralab olinadi va so‘ngra universitetlar o‘zlari imtihon o‘tkazishadi, bu imtihon, odatda, milliy markaz testlaridan qiyinroq bo‘ladi.

Avstraliyada ATAR (Australian Tertiary Admission Rank — Avstraliya oliy ta’limga kirish reytingi) deb ataladigan tizim ishlaydi. Bu tizimda har bir maktab bitiruvchisining 100 ballik shkala bo‘yicha reytingi aniqlanadi (ballar 0,05 aniqlikda hisoblanadi). Bu reyting ballari abituriyentni o‘z tengdoshlari bilan taqqoslash imkonini beradi. Bu ballar o‘quvchining maktab bitiruv diplomi Higher School Certificate (HSC)ni olish uchun yuqori sinflarda o‘tishi kerak bo‘lgan fanlaridan olgan baholariga qarab aniqlanadi. Buyuk Britaniyadagi A-level imtihonlari kabi, HSC tarkibidagi fanlarning mazmuni va baholash mezonlari mustaqil tashkilotlar tomonidan belgilanadi. Imtihonlar esa standartlashtirilgan. Har bir shtatdagi OTM qabul markazlari bitiruvchilar natijalarini olib, ATAR reytingini hisoblashadi. Bunda albatta HSC tarkibidagi fanlarning shu yilgi o‘quvchilar uchun nisbiy qiyinlik darajasi aniqlanadi va shunga ko‘ra imtihon natijalari yagona shkalaga keltiriladi. ATAR reytingi yo‘qlar (masalan, oldingi yil bitiruvchilari) uchun standartlashtirilgan test tashkil qilinadi.

Rossiya Ilm-fan va oliy ta’lim vazirligi tasdiqlagan Oliy ta’lim dasturlariga qabul qilish tartibiga ko‘ra, abituriyent kirish imtihonlarida (yagona davlat imtihoni — YeGE yoki OTMning o‘zi tashkil qiladigan ichki imtihonlar) olgan ballariga qarab OTMga qabul qilinadi. Bu ballarga universitet qarori bilan o‘quvchining shaxsiy yutuqlaridan (sportdagi yutuqlari, masalan, Olimpiada o‘yinlari, Yevropa yoki jahon chempioni ekanligi; o‘qishdagi yutuqlari: maktabni oltin, kumush medal yoki imtiyozli hujjat bilan bitirgani, fan olimpiadalardagi o‘rni; volontyor sifatidagi ijtimoiy faoliyati) kelib chiqib, qo‘shimcha ballar qo‘shilishi mumkin.

Belarusda OTMga qabul qilish «I bosqich oliy ta’limga qabul qilish» nizomi bilan tartibga solinadi. Ushbu nizomga ko‘ra, maktab bitiruvchilari uchta majburiy imtihon topshirishadi: ona tilidan (rus yoki belarus tili) Respublika bilim nazorati markazi o‘tkazadigan test va 2 ta maxsus fandan OTMning o‘zida yoki markazlashtirilgan holda o‘tkaziladigan imtihon. Qabul qilish jarayonida 3ta imtihon natijalari va maktab shahodatnomasining o‘rtacha bahosi inobatga olinadi.

Turkiyada maktab bitiruvchilarining Baholash, saralash va joylashtirish markazi o‘tkazadigan 2 bosqichli kirish imtihonlarida olgan natijalariga maktab yoki litsey shahodatnomasining o‘rtacha bahosi qo‘shiladi va shu asosda OTMlarga qabul qilinadi.

Ko‘rib turganingizdek, yuqorida sanab o‘tilgan davlatlardan Belarus va Turkiyada maktab baholari kirish imtihoni natijalariga qo‘shiladi. Bunday amaliyot o‘sha davlatlar ta’lim tizimida qanday ijobiy va salbiy oqibatlarga olib kelganligini ham o‘rganib chiqish foydadan holi bo‘lmasdi, nazarimda.

DTMning javob maqolasida «loyihani tayyorlashda korrupsiyani oldini olish e’tiborga olingan» deyilmoqda. Biroq na men, na portalda loyiha maktablardagi korrupsiya darajasining oshishiga olib kelishi borasida xavotirlar bildirgan yurtdoshlarimiz loyihada korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan mexanizmni ko‘rmadik. Agar loyiha mualliflari baholar kiritiladigan elektron platformani nazarda tutishgan bo‘lsa, baholar platformaga tushishidan oldin «kelishib olish» mumkinligi haqida avval ham yozgandim.

Shu bilan birga, DTMning javobida oldingi maqolamda keltirilgan xavotirli masalalar ham javobsiz qoldirilgan: bu loyihaning kirish imtihonlari validligiga ta’siri, baholarning subyektivligi va bir maktab (hatto bir o‘qituvchi) qo‘ygan bahoni boshqa maktab, o‘qituvchi qo‘ygan baho bilan solishtirib bo‘lmasligi, buning oqibatida kelib chiqadigan adolatsizlik.

DTM, shuningdek, DTMning aytishicha, loyihani ishlab chiqishda ishtirok etgan Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi kabi bevosita ta’lim tizimini rivojlantirishga mas’ul davlat tashkilotlari loyihaning barcha oqibatlarini yana bir bor tahlil qilib chiqishlarini so‘rab qolardim. Umid qilamanki, DTM va’da qilganidek, «birorta fikr e’tiborsiz qoldirilmaydi».

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.

Maqola tarjimasi Khan Academy Uzbek tomonidan taqdim etildi.