4-son shahar klinik shifoxonasida vafot etgan 52 yoshli bemorning farzandlari shifokorlarni do‘pposlagan, deya xabar berdi SSV matbuot xizmati.

Xabarga ko‘ra, 19 fevral tungi soat 23:13 da tez tibbiy yordamga Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi xonadonlarning biridan chaqiriq tushgan. Tez tibbiy yordam brigadasi chaqiruv joyiga soat 23:25 da yetib borib, xonadondagi bemor tezkor tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan va 23:40 da bemorning ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lganligi uchun zudlik bilan I.Ergashev nomli 4-son shahar klinik shifoxonasiga yetkazilgan.

Muassasa bosh shifokori B. Mamadjonovning ma’lum qilishicha, shifoxonada 52 yoshli bemor D. N.ga «Gipertoniya kasalligi. Gipertonik kriz. O‘pka shishi va agonal holat» tashxisi qo‘yilib, zudlik bilan reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

«U paytda bemorning holati og‘ir bo‘lib, ko‘z qorachig‘i kengaygan, fotoreaksiya aniqlanmagan, nafas aktivligi kuzatilmagan holatda bo‘lgan, uyqu arteriyasida ham pulsni aniqlab bo‘lmagan va shu tariqa bemorda klinik o‘lim holati qayd etilgan. Bemorga sun’iy nafas yuborish, yurakni bevosita massaj qilish, defibrillyator orqali ta’sir qilish va boshqa muolajalar qilinib, yurak va nafas reanimatsiyasi 30 daqiqa davomida 3 marta qayta o‘tkazilgan. Standartlar bo‘yicha amalga oshirilgan tezkor muolajalarga qaramasdan, bemorda biologik o‘lim qayd etilgan», — deyiladi xabarda

SSVning xabariga ko‘ra, bemorning vafoti ma’lum qilinganidan so‘ng, uning farzandlari tomonidan navbatchi shifokorlar do‘pposlangan.


Buning oqibatida shahar tez tibbiy yordam xizmatining shifokori, 32 yoshli D. U. «bosh miya yopiq jarohati, bosh miya lat yeyishi, chap yonoq sohasi yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi, ko‘krak qafasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, travmatik shok 1,2-daraja» tashxisi bilan, yana bir tez tibbiy yordam xizmat xodimi, 21 yoshli A. A. «bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, burun suyagining yopiq sinishi, ko‘krak qafasi sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi» tashxisi bilan mazkur shifoxonaning reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

20 fevral kuni jabrlangan tibbiyot xodimlarining ahvoli og‘ir bo‘lganligi sabab, maxsus jarrohlik amaliyotiga tibbiy ko‘rsatma borligi sababli Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga o‘tkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat yo‘lladi. Unda yuqorida qayd etilgan holatni qat’iy nazoratga olgan holda, aybdor shaxslar qattiq javobgarlikka tortilishini ta’minlashda amaliy yordam so‘raldi.