Yashnobod tumanidagi shifoxonada vafot etgan bemorning o‘limidan so‘ng, uning farzandlari shifokorlarni do‘pposlagani va SSV ushbu holat yuzasidan huquqni muxofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgani haqida xabar bergan edik.

Toshkent shahar IIBBning ma’lum qilishicha, 18 fevral kuni taxminan soat 23:50 larda Yashnobod tumanidagi 4-sonli shahar klinik shifoxonasidagi izolyator xonasida 28 yoshli F.M. shaxsi aniqlashtirilayotgan ikki nafar tanishlari bilan Tez tibbiy yordam bo‘limi 3-sonli podstansiya shifokori 31 yoshli D.U. va feldsher 20 yoshli A. A.ga tan jarohati yetkazgan.

«Sodir etilgan jinoyatning sababi o‘rganilganda, F.M. shifokorlarning o‘z ishiga sovuqqonlik bilan yondashganligi sababli onasi D.N.ning o‘limi yuz bergan degan fikrda bo‘lganligi aniqlangan. Marhum D.N. yuqorida qayd etilgan kasalxonaga tez tibbiy yordam mashinasida klinik o‘lim holatida olib kelingan», — deyiladi xabarda.

Voqea natijasida ikkala tibbiyot xodimlari turli darajadagi tan jarohatlari olishgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi («Bezorilik») alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.