16 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev «Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi. Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 2020 yil 5 avgustda, Senat tomonidan 2020 yil 11 sentyabrda ma’qullangan.

Qonunga ko‘ra, arbitraj doimiy arbitraj muassasasi yoki muayyan nizoni hal qilish uchun tashkil etiladigan arbitraj sudi tomonidan amalga oshirilishidan qat’i nazar, nizoni hal etish tartibi sifatida belgilanadi. Arbitr — nizoni hal qilish uchun tomonlar tomonidan kelishilgan tartibda tayinlangan jismoniy shaxsdir.

Arbitraj kelishuvi — taraflarning shartnomaviy xususiyatga egaligidan yoki ega emasligidan qat’i nazar, biror-bir aniq huquqiy munosabat bilan bog‘liq bo‘lgan, ular o‘rtasida yuzaga kelgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan barcha yoki muayyan nizolarni arbitrajga topshirish to‘g‘risidagi kelishuvi arbitraj kelishuvi hisoblanadi. Arbitraj kelishuvi yozma shaklda tuziladi.

Taraflar o‘z xohishiga ko‘ra arbitrlar sonini belgilashi mumkin. Bunday kelishuv bo‘lmaganda uch nafar arbitr tayinlanadi. Arbitr faqat uning xolisligi yoki mustaqilligi borasida asosli shubhalar keltirib chiqaruvchi holatlar mavjud bo‘lgan yoki u taraflar kelishuvida belgilangan talablarga mos kelmagan taqdirda rad etilishi mumkin. Arbitr yuridik jihatdan yoki amalda o‘z vazifalarini bajara olmay qolsa yoxud boshqa sabablarga ko‘ra asossiz kechikish tufayli ularni amalga oshirishga kirishmasa, agar arbitr tayinlanishni rad etsa yoki taraflar bunday tugatish borasida kelishib olsa, uning vakolatlari tugatiladi.

Taraflar arbitraj joyi to‘g‘risida o‘z xohishiga ko‘ra kelishib olishi mumkin. Bunday kelishuv mavjud bo‘lmagan taqdirda, arbitraj joyi arbitraj sudi tomonidan ish holatlarini, shu jumladan taraflar uchun qulaylik omilini inobatga olgan holda belgilanadi. Taraflar arbitraj muhokamasida foydalaniladigan til yoki tillar to‘g‘risida o‘z xohishlariga ko‘ra kelishib olishi mumkin.

Taraflar o‘z ishlarini arbitraj muhokamasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki taraflar xohishiga ko‘ra, shu jumladan xorijiy tashkilotlar va fuqarolar orasidan tayinlanadigan vakolatli vakillari orqali olib borishlari mumkin.

ir nafardan ortiq arbitr tomonidan arbitraj muhokamasini o‘tkazishda, agar taraflar boshqacha shartlashmagan bo‘lsa, arbitraj sudining har qanday hal qiluv qarori arbitraj sudi barcha a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.

Agar arbitraj muhokamasi jarayonida taraflar nizoni hal qilsa, arbitraj sudi muhokamani tugatadi va taraflarning iltimosiga ko‘ra va, agar arbitraj sudi tomonidan e’tirozlar mavjud bo‘lmasa, ushbu hal qilishni kelishilgan shartlar asosidagi arbitraj hal qiluv qarori tarzida qayd etadi.

Arbitrajning hal qiluv qarori ustidan sudga shikoyat qilish faqat uni bekor qilish to‘g‘risida ariza berish yo‘li bilan amalga oshirilishi mumkin.

Arbitrajning hal qiluv qarori, u qaysi mamlakatda qabul qilinganidan qat’i nazar, majburiy deb tan olinadi va sudga yozma ariza berilgan taqdirda ijro etiladi.

Qonun rasmiy e’lon qilinganidan 6 oy o‘tgach kuchga kiradi.