O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-fevral kuni BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasining yuqori darajadagi segmenti ishida ishtirok etadi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha kengash faoliyati butun dunyo bo‘ylab inson huquqlari himoyasini ta’minlashga qaratilgan BMT tizimidagi eng nufuzli hukumatlararo organlardan biri hisoblanadi.

Kengashga 47 ta davlat a’zo. O‘tgan yilning oktabrida O‘zbekiston 2021−2023-yillar davriga ushbu tuzilma a’zosi etib ilk bor saylandi.

Koronavirus pandemiyasi munosabati bilan kengashning navbatdagi yig‘ilishi Jeneva shahrida videoanjuman shaklida o‘tkaziladi.

Yig‘ilish kun tartibidan inson huquqlariga rioya etilishi va ularni himoya qilish, shu jumladan fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni ta’minlash bilan bog‘liq eng dolzarb masalalar o‘rin olgan. Shuningdek, Myanmadagi holat ham muhokama qilinadi. 1-fevral kuni Myanmada harbiylar hukumat rahbarlari hibsga olingani va mamlakatda bir yilga favqulodda holat joriy etilganini e’lon qilgan edi.

Tadbirda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar Mishel Bachelet, qariyb 150 mamlakatdan davlat, hukumat rahbarlari, tashqi ishlar vazirlari va yuqori darajadagi vakillar ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Shavkat Mirziyoyev forumning birinchi kunida, uning yalpi qismida nutq so‘zlaydi. Davlat rahbari o‘z nutqida mamlakatda demokratik yangilanishlarni chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari hamda Inson huquqlari bo‘yicha kengash doirasidagi ishlarning asosiy vazifalariga batafsil to‘xtaladi.

O‘zbekiston prezidenti nutqining to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiyasi mamlakatimizning markaziy telekanallarida ham amalga oshiriladi.