Samarqand viloyati deputatlariga kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlariga yo‘naltirish uchun 50 mln so‘mdan pul ajratiladi. Bu haqda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov yig‘ilishda ma’lum qildi, deya xabar bermoqda hokimlik matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Qarorga ko‘ra, Samarqand viloyat xalq deputatlari kengashi a’zolariga jami 3 mlrd so‘m ajratiladi. Har bir viloyat Kengashi deputati (jami 60 nafar) 50 mln so‘m mablag‘ni aholi muammolarini yechishga yo‘naltiradi. Mablag‘lar viloyatning «Sahovat va ko‘mak» jamg‘armasida to‘planadi.

Bundan tashqari, har bir deputat o‘z okrugidagi 10 nafardan kambag‘al oila ro‘yxatini shakllantirib, ularni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha ishlarni nazoratga oladi.

Viloyatdagi 16 ming kambag‘al oila bilan tizimli ish olib boriladi, deyiladi xabarda.

Shuningdek, Samarqand viloyati aholisini kasb-hunarga o‘qitish uchun 10 milliard so‘m ajratiladi.

Oldinroq, Toshkent shahar Kengashi deputatlariga aholi muammolarini hal etish uchun 2 mlrd so‘mdan ajratilishi haqida xabar bergan edik.