O‘zbekiston xarid qilayotgan 1 mln vaksinadan teng yarmini Alisher Usmonov o‘z hisobidan olib beradi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Xalq deputatlari Namangan viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qildi, deya «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Davlat rahbarining aytishicha, birinchi bosqichda 1 mln vaksina olib kelinishi reja qilingan.

«Alisher Burxonovich 1 mln vaksinadan 500 mingini o‘zimni hisobimdan olib beraman, dedi. „Men Namanganni yaxshi ko‘raman, birinchi 50 mingini ularga bering“, deb iltimos qildi. Bu emlash masalasini ham ko‘rib chiqayapmiz», — dedi prezident.

Davlat rahbari COVID-19`ga qarshi kurashish bo‘yicha choralar natijasida koronavirus bilan chalinish holatlari kamayganini aytdi.

«Bugun ertalab menga xabar qilishdi, O‘zbekistonda koronavirusga chalinish bo‘yicha atigi 11 ta holat aniqlangan. Bu juda katta natija. Biz ko‘rgan choralar mana shunday natijaga erishishimizga zamin yaratdi», — deya ta’kidladi prezident.