O‘zbekiston jurnalistlari ilk bor O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga savol berish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu davlat rahbarining 18 fevral kuni Namangan viloyatiga safari doirasida sodir bo‘ldi, deya xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

Prezident OAVni to‘rtinchi emas, balki birinchi hokimiyat deb hisoblashini ma’lum qildi.

«Avvallari sizlarga bosh vazirmas, o‘rinbosarlari ham emas, qabulxonasidagilar ham salom berishga salgina og‘rinardi, salomlashgisi kelmasdi. Hozir zamonamizning zayli bilan, jamiyatimizdagi o‘zgarishlar bilan, xalqimizning talabi bilan, xalqimiz ongining o‘sib borishi nuqtai nazaridan, xalqimiz emin-erkin yashashi nuqtai nazaridan sizlar ham o‘sayapsizlar, shu bilan birga, sizlar davlat idoralari rahbarlarini o‘stirayapsizlar», — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev jurnalistlardan nima gaplar ularni qiynayotganini so‘radi. «Mikrofon ko‘targan ayol» blogi muallifi Aziza Qurbonova davlat rahbaridan prezidentdan qanday rejalar bilan kelganini so‘radi.

«Bu hayotiy savol. O‘tgan yili iyun oyida kelib-ketganimizan keyin, albatta, Namanganda juda katta dasturlar qabul qilganmiz. Birinchi navbatda ushbu dasturlarning hayotga qanday tatbiq etilganini, qaysi soha, qaysi tarmoq rahbari ushbu qabul qilingan qarorlar bo‘yicha qanday natijalarga erishdi? Odamlar rozimi yoki norozimi?» — deb so‘radi davlat rahbari.

Prezident Farg‘ona viloyatiga tashrifi vaqtida Namangan viloyatini boshqargan Hayrulla Bozorov Farg‘ona viloyatiga hokim etib tayinlanganini eslab o‘tdi.

«Albatta, ikkinchi savol turibdi: Namangan nima bo‘ladi? Namangan xalqi ham kutib o‘tiribdi bizga ham hokim kerak, bizga ham rahbar tayinlang, deyishadi. Shuning uchun eng katta maqsad sessiya o‘tkazish. Besh oy sinagan rahbarni odamlar bilan muloqot qilish, odamlar tanib, mavjud muammolarni aniq, ravshan bilgan odamni Namanganga hokim qilishimiz kerak. Maqsadim, ertaga xalq deputatlari bilan (sessiya o‘tkazish)… Mana, menga partiya fraksiyalari yig‘ilishlari natijalarini aytishdi. Ularning takliflarini aytishdi. Albatta, ularning barchasini men ko‘rib chiqaman. Avvalgi an’analardan kelib chiqib, butun tumanlarning deputatlari, faollari… Butun Namangan eli ertaga prezident kimni tavsiya qilishini bilishi kerak. U odam kim? Namanganning suvini, Namanganning chang ko‘chalarini, issiqlik berilmagan uylarini biladimi-yo‘qmi, degan savol meni qiynaydi. Eng katta maqsadim mana shu masalalarni joy-joyiga qo‘yib, hokim saylash», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Namangan viloyati hokimi v. b. bo‘lib ishlayotgan Shavkatjon Abdurazzoqov sinovdan o‘tgan inson ekanligini ta’kidlar ekan, uning tumanda, shaharda, Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi sifatida ishlaganini eslab o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, viloyatdagi 775 ta mahallaning (2,828 million kishi yashaydi) 141 tasining ahvoli «qoniqarsiz». Prezident ushbu ko‘rsatkich yanada tanqidiyroq yondoshilsa, 50 foizni tashkil etishi mumkinligini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev Namangan shahridagi muammolarni sanar ekan, imkoniyatlar cheklangani bois ular o‘z vaqtida hal qilinmaganini qayd etdi.

«Namanganda 50 foiz ichki yo‘llar sifatsiz. Tumanlar ichida ko‘p joylarda asfalt yo‘llarimiz yo‘q. Ana shu yo‘llarni joy-joyiga qo‘ymasak, odamlarni rozi qilmagan bo‘lamiz. Ikkinchidan, mana bizda yigirma yilda birinchi marta 2 yarim oy qish og‘ir bo‘ldi. Shu qish Namangan shahriga nima saboq berdi? 50 yil oldin qilingan infratuzilmamiz, issiq suv, sovuq suv infratuzilmalari mutlaqo ishdan chiqqanligini ko‘rsatdi», — dedi davlat rahbari.

Prezident SSSR vaqtlari qurilgan katta-katta qozonlar sifati bo‘yicha ham, hozirgi talab bo‘yicha ham na xalqni, na davlatni mutlaqo qoniqtirmasligini aytib o‘tdi. Shundan kelib chiqqan holda Namangan shahrida ikkita yangi, zamonaviy qozonxona qurib, keyingi qishgacha foydalanishga topshirilishini ma’lum qildi.

Namangan viloyatida qiymati 23,7 trillion so‘mlik (qariyb 2,2 milliard dollar) 1700 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, qiymati 430 million dollarlik mega-loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev ichimlik suvi ta’minoti va yo‘l infratuzilmasi muammolarini hal qilishga mablag‘ yo‘naltirilishini aytdi. Ushbu masalalarni hal etishda mahalliy Kengashlar deputatlari faol ishtirok etishi kerak, ularning ushbu sohalardagi vakolatlari kengaytiriladi.