Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Xalq deputatlari kengashining sessiyasida Namangan viloyatini har tomonlama rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Bu xaqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yig‘ilish doirasida «Mahallabay» tizimda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 850 mlrd so‘m kreditlar ajratishga ko‘rsatma berildi.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan viloyatga 60 mln dollar ajratilishi ma’lum qilindi. Buning hisobidan Namangan shahri issiqlik tizimini qayta qurishga 15 mln dollar, eski shahar infratuzilmasini yaxshilash va kanallar qirg‘oqlarini obodonlashtirishga 10 mln dollar, mahallalardagi drayver loyihalarni moliyalashtirishga 10 mln dollar, limonchilikni rivojlantirishga 10 mln dollar yo‘naltiriladi. Kichik va yoshlar sanoat zonalariga, ichki va ziyorat turizmini rivojlantirishga, kreditlar foizining bir qismini qoplashga 5 million dollardan berilishi aytildi.

Shu bilan birga, Namangan viloyatida 2021−2022 yillarda umumiy qiymati 23 trln 700 mlrd so‘mlik investitsiya loyihalari amalga oshirilishi qayd etildi. Ushbu mablag‘lar bilan amalga oshiriladigan 1 ming 728 ta loyiha orqali 66 mingdan ziyod ish o‘rni yaratish rejalashtirilmoqda.

«Namanganga o‘ttiz yillik tarixda buncha mablag‘ kelmagan. Agar shuni to‘g‘ri, samarali yo‘naltirib ishlatsak, viloyatning iqtisodiyoti jadal rivojlanadi, hamma tumanlarga sanoat kirib boradi, odamlar ishli bo‘ladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

17 ming gektar yer ajratilib, 200 ming nafar yosh, paxta klasterlari tomonidan har bir tumanda tikuvchilik korxonalarini ishga tushirib, 10 ming nafar ayollar bandligini ta’minlash vazifasi belgilab berildi.

Yangiqo‘rg‘on kartoshkachilik markazi, Vengriya bilan hamkorlikda kartoshkachilik yo‘nalishida ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etish borasida topshiriq berildi.

2021 yilda viloyatda 160 kilometr ichimlik suvi va 11 kilometr oqova tarmoqlari qurish uchun byudjetdan 59 mlrd so‘m hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan qo‘shimcha 100 mlrd so‘m ajratilishi ma’lum qilindi. Buning natijasida yana 167 ming nafar aholi toza ichimlik suv bilan ta’minlanishi aytildi.

Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan alohida suhbatlashdi va ular aytgan takliflarni, biznes-rejalarini qo‘llab-quvvatlab, mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

«Yoshlarning ko‘zida ertangi kunga ishonch ko‘rsam, ochig‘i, hamma charchoqlarim chiqib ketadi! Mana shunday bilimli, jonkuyar, izlanuvchan yoshlar hamma sohalarda o‘zgarish qiladi. Biz ularga keng yo‘l ochib, har tomonlama yordam berishimiz kerak», — dedi davlat rahbari.