19 fevral kuni prezident Namangan shahridagi «Bunyodkor» mahallasiga rejalashtirilmagan tarzda tashrif buyurdi.

«Bu yerdagi ahvol mahalla nomiga zid. Ichimlik suvi yo‘q, ichki yo‘llar yomon, atrof obodonlashtirilmagan. Mahalla idorasining o‘zi ham harob, bino orqasida chiqindilar yotibdi», — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Shavkat Mirziyoyev avval Namangan shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 1-sonli ichki ishlar bo‘limiga qarashli 74-sonli tayanch punktiga tashrif buyurdi.

Prezident eski, devorlari nurab yotgan tayanch punktining binosini ko‘rib, shahar sektor rahbarlarini tanqid qildi.

Prezident Namangan shahar hokimi Olimjon Isayev va ushbu mahallaga mas’ul sektor rahbari bo‘lgan shahar prokurori Bahromjon Yo‘ldoshevga ham tanbeh berdi.

Prezident prokurorga qarab: «Bu nima ahvol? Ishchi joy, investitsiya, balandparvoz gaplar bilan hisobot berasizlar. Musorni olib tashlab, bu yerni oqlasa bo‘ladimi? Bu yerni tartibga keltirishga vakolatingiz borku. Shu yerda to‘rt yil prokuror bo‘lib ishlading. Nimaga qilmaysan? Mayli, mahalla raisining dunyoqarashini keyin muhokama qilamiz. Odamlar bilan qanday uchrashyapsan? Janob prokuror, polkovniksan og‘ayni. Ikkoving ham noinsofsan, sen va hokim…», — dedi.

Prezident hokimga qarab: «Bu yerga kel sen noinsof. Nimaga men seni bu yerga olib keldim? Buni qara, bu sening basharang. Qanday vijdon bilan o‘tirdinglar majlisda ko‘zimga ikkoving ham qarab? Qachon odamlarning dardi bilan yashaysizlar? A, Isayev (Namangan shahri hokimi Olimjon Isayev — tahr.). Hamma pullar qaytariladi baribir. O‘ylama, ertaga borib biznes bilan shug‘ulanaman deb. Ikkovingni ham qo‘ymayman, jinoiy javobgarlikka tortaman. Bu nima xiyonat? Prokuror, tushuntir o‘zing. Sen sektor rahbarisan… Bu seni ko‘rinishing (atrofga ko‘rsatib — tahr.). Bu mahallada 12 ming odam yashaydi. Qanchadan beri shahar hokimisan? 10 oymi? Men ham tuman hokimi bo‘lganman. Devorlarni oqlab qo‘ysa bo‘lardiki? Chiqindini tozalatib qo‘ysa bo‘ladimi? Farg‘onada eshitgansan men yurganimni».

Prokuror: Muhtaram prezident, agar ruxsat bersangiz, haqiqatda bu yerda 2000 ta oila yashaydi, 800 ta uy. Biz bu hududni bo‘lib oldik, [ishlarni] rejalashtirdik. Hurmatli prezidenti, Davlatobod tumanining tashkil etilishi evaziga ishash imkoniyati paydo bo‘ldi, bungacha ko‘plab mahallalar bor edi. Men bu yerda 10 oydan beri ishlayapman. Ish o‘rinlarini yaratish masalasini va boshqa masalalarni hal qilayapman.

Prezident: Mayli, buning hammasi yaxshi. Men bu gaplarni ko‘p marotaba eshitganman. Men «osmondan tushgan» prezident bo‘lsam, sening so‘zlaringga ishonardim. O‘zing mana bu chiqindiga qara. Bu yerdachi… Bu sening hududingku, sening sektoring. Sizchi, mahalla raisi? Sizga shunday meros qoldi. Avval rais o‘rinbosari edingiz. Bu qanday sharoit? Bir yil ichida ta’mirlasa bo‘lmasmidi… Sen qanday qilib islohotchi bo‘lasan? Men sizlarga katta-katta rejalar qo‘yyapman. Mahalla — islohotchi. Qanaqa islohotchi? Mening ishonchimni oqlab nima qilasan, xalqning ishonchini oqla. Sen mening vakilimsanku. Senga qarab, odamlar menga baho beradi… Mehmonlar kelsa, bu «O‘zbekistonning yuzi shu» deydi. Men esa sizlarga ishonib, balandparvoz gaplarni gapiraman. Farg‘onaga borganimni ko‘rmadingmi? Daraxt ekib, devorni oqlash mumkin ediku…Yoki oylik bermayaptimi senga?