Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida prezident Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga aholini kasbga, ishga o‘rgatish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

«Endi pul bermaymiz. Kim nimaga qodirligiga qarab, kerakli imkoniyatni yaratamiz. Baliq emas, qarmoq beramiz. Har bitta viloyat tuman hokimlari odamlaringni yuborib, Muzaffar Ahmadjonovdan (Dashtbog‘ mahallasi raisi — tahr.) o‘rganasizlar», — dedi prezident.

«Muzaffar o‘zini qiynayaptiku, nimaga boshqalar o‘zini qiynamayapti. Bu uxlamayaptiku. Prezident bilan aholi o‘rtasida ko‘prik quradigan mahalla raisi. Sadoqat qilsa bu adolat, ishlamasa xiyonat», — dedi davlat rahbari.

Davlat rahbari vazir va davlat tashkiloti rahbarlariga muammoli hududlarda aholi bilan birga yashab, masalalarni hal etishni buyurdi.

«Muhokama qilib bo‘ldik endi. O‘sha uyda yotasizlar, yotib, o‘sha uyni ishini qilib, keyin chiqib ketasizlar. Namanganda 5 mingta davlatdan oylik oladigan odamlar bor. Har bittasi 1 tadan ish joyi yaratib bersa, 5 mingta ish joyi bo‘ladi», — dedi prezident.

Prezident: «Kredit olishga odamlar qo‘rqadi. chunki bilmaydi, bank bilan ishlamagan. Raislar mahallada odamlar bilan ishlamaydi, bu oila yomon degandan ko‘ra, o‘zlari o‘rgatsin», deya qo‘shimcha qildi.