Ukraina MDHning «Davlatlararo elektr va pochta aloqasi sohasidagi munosabatlarni muvofiqlashtirish to‘g‘risida"gi bitimidan chiqdi. Bu haqda RIA Novosti xabar qildi.

Mazkur qaror mamlakat hukumati tomonidan qabul qilingan, majlis Vazirlar Mahkamasining YouTube kanalida efirga uzatilgan.

Hujjat 1992 yil 9 oktyabrda Bishkekda imzolangan. Unda ishtirokchilar, xususan, aloqa xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirish, tarmoqlarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish va tarif siyosati bo‘yicha birgalikda ishlashga kelishib olgan.

Prezident Vladimir Zelenskiy davrida Kiyev Rossiya va MDH bilan shartnomalarni qayta ko‘rib chiqishni davom ettirmoqda. Ukraina tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vasiliy Bodnar 2020 yil iyun oyida Donbassda mojaro boshlanishidan oldin 453 ta hujjat kuchda bo‘lgani, ulardan 300 ga yaqini amalda ekanligini aytgan edi.

Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, hujjatlar ikki tomonlama talqin qilinmasligi uchun barcha tartib-qoidalarga amal qilinishi kerak.

Birinchi bo‘lib 2019 yilning aprelida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik va sherikchilik to‘g‘risidagi bitimning amal qilinishiga barham berilgan edi.