Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahridagi «Ishga marhamat» monomarkazida jurnalistlar bilan bo‘lgan muloqot chog‘ida O‘zbekistondagi islohotlarni yanada jadal rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan uchta asosiy muammoga ham to‘xtaldi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

«Hozirgi islohotlarimizni, katta-katta marralarimizni amalga oshirishda to‘siq va kamchiliklar ikkita-uchtadan iborat», — dedi prezident.

«Birinchisi, kadrlar masalasi. Men bunga deyarli har bir chiqishimda to‘xtalaman. Xabarlaringiz bor, aravani tortmayotgan, bugungi talablarga javob bermayotgan amaldorlarni ishdan olyapman».

«Biz yillar davomida maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi va oliy ta’lim sohalariga jiddiy e’tibor bermadik. Shu bois ham kadrlar masalasi bugungi kunga kelib, asosiy muammolardan biriga aylandi. Uch yildan buyon ta’lim sohasiga katta ahamiyat qaratyapmiz. Bugungi harakatlarimiz yaqin yillarda o‘z samarasini beradi va kadrlar masalasi ham yechim topadi, degan umiddaman», — deya ta’kidladi davlat rahbari.

«Ikkinchi muammo, oyog‘imizga kishan bu — korrupsiya. Korrupsiya oyog‘imiz tagida yuribdi. Ilk bor korrupsiyaga qarshi kurashadigan agentlik tuzdik, qurilish, tibbiyot kabi bir qancha sohalarda «korrupsiyasiz soha» tizimini joriy qilishga kirishdik. Yaqinda korrupsiya bo‘yicha juda katta qaror chiqadi. Bu harakatlarimiz ham ma’lum vaqt o‘tib, ijobiy samara ko‘rsatishiga ishonaman.

Uchinchi to‘siq bu — ko‘plab davlat idoralari rahbarlarining saviyasi, ishlashi, bilimi bugungi zamon talabida emas. Shuning uchun ham zamonaviy dunyoqarashga ega, bilimli, fidoiy yoshlarni rahbarlikka tayinlayapman. Ammo bu borada ham hali qiladigan ishlarimiz juda ko‘p", — dedi prezident.