Adliya vazirligi Dilmurod Yusupovning «Gazeta.uz»da e’lon qilingan «Majburiy yoki qasddan byurokratiya. O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining tartibga solinishi» nomli maqolasiga javob berdi. Vazirlikning javobini qisqartirishlarsiz e’lon qilamiz.

Adliya vazirligining javobi

2021 yilning 15 fevralida adliya vaziri tomonidan taqdim etilgan hisobotdan asosiy maqsad — adliya organlari faoliyatining oshkoraligini ta’minlash, 2020 yilda amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish va jamoatchilikni bu haqda xabardor qilish.

Maqolada mavzuga e’tiborni jalb qilish maqsadida ayrim fikrlar sub’ektiv baho bilan bo‘rttirib ko‘rsatilganligi sababli, Adliya vazirligi OAV vakillari va blogerlar bilan bo‘lib o‘tgan munozara chog‘ida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasiga oid ko‘tarilgan masalalarga ba’zi aniqliklarni kiritishni muhim deb hisoblaydi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda huquqiy institut sifatida nodavlat notijorat tashkilotlarini (keyingi o‘rinlarda — NNT) ro‘yxatdan o‘tkazish jadal rivojlanmoqda.

Ro‘yxatdan o‘tkazish jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy, madaniy va ma’rifiy maqsadlarga erishish, xayriya faoliyatini amalga oshirishda, ya’ni bir so‘z bilan aytganda, ko‘plab sub’ektlar ishtirok etadigan va ular mavjudligining qonuniyligi talab etiladigan munosabatlarda alohida ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

Masalan, NNT arning rivojlanish sur’atiga e’tibor berilsa, 2014 yilda — 7 866 ta, 2015 yilda — 8 219 ta, 2016 yilda — 8 447 ta, 2017 yilda — 9 235 ta, 2018 yilda — 9 860 ta, 2020 yil boshiga — 10 502 ta ko‘rsatgich yildan-yilga NNTlarning soni sezilarli darajada o‘sib borayotganidan dalolat beradi.

Qonunchilikka ko‘ra, NNT majburiy ro‘yxatdan o‘tishi kerak. Biroq, NNTni ta’sis etish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda, e’tibor berilishi lozim bo‘lgan birinchi masala — bu NNT tuzish tartibi va uning faoliyatini boshqaradigan qonunchilik hisoblanadi.

Shaxslar NNT sohasidagi qonunchilikdan xabardor bo‘lishi kerak. Faqatgina «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida"gi qonun, Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 10 martdagi 57-son qarori bilan tasdiqlangan Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni bilishning o‘zi yetarli emas.

Ayni damda, qonunchilikda «ma’lum bir NNT»ni, jumladan, «alohida» yoki «tezlashtirilgan tarzda» ro‘yxatdan o‘tkazish masalasini ko‘zda tutuchi qoidalar mavjud emas. Talablar barcha uchun bir xil va istisnosiz.

NNTni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida rad etish uchun ko‘plab asoslar bo‘lishi mumkin. Ularning barchasi qonunchilikda to‘liq ko‘rsatilgan.

Ayrim hollarda ta’sischilar tomonidan taqdim etiladigan ishonchsiz ma’lumotlar va noto‘g‘ri rasmiylashtirilgan hujjatlar ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish uchun sabab bo‘ladi.

Murojaatchilar tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga hujjatlarni va NNTning tashkiliy-huquqiy shakli bo‘yicha ma’lumotlarni to‘liq taqdim etmaganligi sababli, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarning to‘liq ro‘yxatini ko‘rsatish imkoniyati hamisha ham mavjud emas.

Bunday turdagi rad javobi berilishini oldini olish maqsadida talab qilingan hujjatlarning to‘liq ro‘yxati va unga mos keluvchi hujjatlar to‘plamini taqdim etish kerak.

Ta’sischilarning NNTga nomuvofiqligi aniqlanganda, ro‘yxatdan o‘tkazish rad etilishi mumkin. Har xil tashkiliy-huquqiy shakldagi NNT ta’sischilariga turli talablar qo‘yiladi. Masalan, jamoat birlashmalari kamida 10 nafar fuqaro tashabbusi bilan, NNT uyushmalari (ittifoqlari) esa, kamida ikkita NNT tashabbusi bilan tashkil etiladi.

Jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriy mulkiy badallar qo‘shish asosida tashkil etilgan, xayriya, ijtimoiy, madaniy, ma’rifiy yoki boshqa ijtimoiy foydali maqsadlarni ko‘zlaydigan, a’zoligi bo‘lmagan nodavlat notijorat tashkiloti jamoat fondi deb e’tirof etiladi.

Murojaatchilar ushbu talablarga amal qilishmasa, ro‘yxatdan o‘tkazishda rad javobini olishlari mumkin.

Barcha tashkiliy-huquqiy shakllarda muassis-jismoniy shaxs muomalaga layoqatli bo‘lishi shart. Shuningdek, O‘zbekiston hududida qonuniy bo‘lib turgan xorijiy fuqarolar ham NNT ta’sischisi bo‘lishi mumkin. Hujjatlar ekspertizadan o‘tkazilayotganla ushbu fuqarolarning mamlakat hududida ekanini tasdiqlovchi hujjatlari o‘rganib chiqiladi. Bu yashash uchun guvohnoma yoki viza bo‘lishi mumkin.

Mazkur holat NNT ta’sischilarining shaxsini o‘rganishni nazarda tutadi, chunki quyidagi hollarda fuqaro NNT ta’sischisi bo‘lolmaydi:

  • chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni O‘zbekiston Respublikasi hududidan ma’muriy tarzda chiqarib yuborish haqida qaror qabul qilingan bo‘lsa;
  • shaxsga nisbatan uning muomalaga layoqatsiz ekani yokiuning faoliyati ekstermistik deb topilganligi yoxud ma’lum vaqtga qadar korxona, muassasa yoki tashkilotlarda muayyan lavozimlarni egallash (u yoki bu faoliyat bilan shug‘ullanish) huquqidan mahrum etilganligi to‘g‘risida sud qarori mavjud bo‘lsa.

Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ NNTni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi hujjatlarning ishonchliligini ularning qonunchilikka muvofiqligi yuzasidan tekshirishga, zarurat bo‘lganda, tegishli tashkilotlarga NNTni ro‘yxatidan o‘tkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarni ekspertizadan o‘tkazish uchun yuborishga haqlidir. Bu o‘rinda, hujjatlar boshqa NNTning fikrini bilish uchun ularga yuborilmasligi alohida qayd etiladi.

Ro‘yxatdan o‘tkazish hujjatlarida ishonchsiz ma’lumotlar ko‘rsatilgan taqdirda ham NNTni ro‘yxatdan o‘tkazish rad etilishi mumkin. Ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizada ta’sischilar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar pasport yoki ta’sis hujjatlariga (agar ta’sischi yuridik shaxs bo‘lsa) muvofiq ko‘rsatiladi. NNTni tashkil etish maqsadga muvofiq emas degan vaj bilane rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

«Oltin qanot» volontyor yoshlar markazini ro‘yxatdan o‘tkazish masalasi

«Oltin qanot» volontyor yoshlar markazi tashabbuskorlari ro‘yxatdan o‘tkazish masalasida Toshkent shahar adliya boshqarmasiga bir necha marta murojaat qilgan. Biroq, taqdim etilgan hujjatlar qonunchilik talablariga mutlaqo javob bermaydi.

Masalan, tashkilot ustavi «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida"gi Qonunning 17-moddasida ko‘zda tutilgan talablarga nomuvofiq.

Tashabbuskorlar hujjatlarda ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etmagan holda takror murojaat qilmoqda.

Shu o‘rinda, arizachilar ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish to‘g‘risidagi xulosadan norozi bo‘lshsa, adliya organlarining har qanday qarorlari ustidan sudga shikoyat qilishga haqli ekanligi yana bir bor tushuntiriladi.

NNT to‘g‘risidagi kodeks loyihasi

Qayd etish lozimki, Adliya vazirligi loyihani tayyorlashda OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilikni loyihani ishlab chiqishda hamkorlik qilishga chaqirgan.

Ayni paytda mavjud muammoli masalalarni tahlil qilish va ularni hal qilish bo‘yicha ekspertlar tomonidan berilgan takliflar hamda jamoatchilik va davlat organlari fikrlarini inobatga olgan holda loyihani takomillashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Loyiha bo‘yicha ish hajmi, uning maqsadi va vazifasidan kelib chiqib, uni Hukumatga kiritish muddati belgilangan tartibda uzaytirildi. Bugungi kunda loyihaning so‘nggi tahriri ishchi va ekspertlar guruhi tomonidan tasdiqlanmagan.

Ishchi va ekspertlar guruhlari yagona kodeks loyihasi ustida ish olib borayotganligiga alohida e’tibor berish lozim. Ekspert guruhi a’zolari hisoblangan Nogironlar assotsiatsiyasi hamda Demokratiya va inson huquqlari instituti rahbarlaridan vazirlikka kelib tushgan takliflar kelgusida ish jarayonida inobatga olinishi mumkinligi ma’lum qilinadi.