Xonobod harbiy zonasida xizmat qilgan amerikalik harbiylarning orasida saraton kasallagiga chalinganlar mavjudligi va ushbu hududda radiatsiya holatlari borligi aytilayotgani haqidagi xabarlarga Mudofaa vazirligi vakillari munosabat bildirdi.

«Mazkur masalalarni biz ijtimoiy saytlarda kuzatib turibmiz. Bugungi kunda Xonobod aholi punkti harbiy qismning yonidagi mahalla. Xalqi soppa-sog‘, tibbiy ko‘rikdan o‘tib, armiyaga, kerak bo‘lsa aviatsiya bilim yurtiga kirganlar bor. Sog‘lom bo‘lsagina uchuvchi bo‘ladi, bilasizlar. Aynan o‘sha yerda 30 yildan beri xizmat qilib kelgan qorovullar, texniklar bor. Mayli ofitserlar 5 yil, 5 yil rotatsiyadan o‘tkaziladi. Lekin AQSH dan kelgan kontingenti u yerda 5 yildan ortiq turmagan. Biznikilar u yerda 15−20 yillab, bir umr o‘sha yerda xizmat qilganlar bor. Mana shu narsalarda kuzatilmayapti hozir. OAV vakillari, blogerlar qiziqib ko‘radigan bo‘lsa, odamlar sog‘-calomat yuribdi. Bu masalani hamma birlashib turib hal qimaydigan bo‘lsa, munozarali bahslar ketaveradi», — dedi Mudofaa vazirligi matbuot kotibi, polkovnik Bahrom Zulfiqorov.

Shu o‘rinda Xonobod hududida aerodromlar mavjudligi va uchuvchilar doimiy ko‘rikdan o‘tkazilishi haqida ma’lum qilindi.

«Uchuvchilar nafaqat mavsumiy, har bir parvozdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. U yerdan hozirgi paytda vertolet, samolyotlar uchyapti. Unda ozgina o‘zgarish ro‘y bersa, parvozga ruxsat berilmaydi. Xonobod aerodromi to‘liq faoliyatda xizmat qilyapti», — dedi u.

«Bunga albatta, yuqori hukumat darajasida, TIV bilan bamaslahat tashqi iqtisodiy hamkorlik manfaatlarimizga putur yetmaydigan darajada, juda nozik yondashish kerak. Bizda turizm rivojlanishi oldinda. Bu yerda birorta davlat bizga qarshi ish qilmoqda deb aytmaymiz. Lekin mutaxassis bo‘lmagan odamlarning fikri ekanligi yaqqol ko‘rinib turibdi», — deya ko‘shimcha qildi Mudofaa vazirligi matbuot kotibi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi qoshidagi harbiy tibbiyot fakulteti kafedra mudiri, tibbiy xizmat polkovnigi Nozir Fozilov o‘sha joylardagi poliklinikalarning bosh shifokorlari bilan suhbatlashilgani va ularda shunday holatlar qayd etilish holatlari bo‘lmaganligi haqida ma’lum qildi.

«Biror marta bu narsa kuzatilmagan. Ya’ni mahalliy aholida bu kasallik umuman aniqlanmagan. Nur kasalligi bilan bog‘liq bo‘lgan kasalliklar qayd etilmagan», — dedi u.

Bundan tashqari, harbiy qismlarda navbatchilik qismi bo‘lishi va u yerda hamma qatori radiatsiya, kimyoviy, bakteriologik vaziyatni nazorat qiladigan moslamalar, zontlar o‘rnatilgani ma’lum qilindi.

«Agar o‘sha yerda birorta radiatsion ko‘rsatkich yoki rentgen nuri kuchayib ketsa o‘z vaqtida „trevoga“ beriladi. U orqali soatma-soat monitoring qilib boriladi. Bundan tashqari, har bir harbiyda dozimetr bo‘ladi, nurlanishning birlamchi alomatlarini ko‘rsatadi. Agar unda nurlanishning alomatlari seziladigan bo‘lsa, meditsina xizmatining maxsus otryadlari orqali ular izolyatsiya qilinadi u yerdan, evakuatsiya qilinish masalalari ko‘rib chiqiladi. Bu uzoq o‘ylab qilingan, hisoboti ishlab chiqilgan, O‘zbekiston bunda malakaga ega», — deya qo‘shimcha qildi Mudofaa vazirligi matbuot kotibi.

Bundan avval, Donald Tramp o‘z prezidentligining so‘nggi kunida 2001−2005 yillarda «Qarshi-Xonobod» aviabazasida xizmat qilgan amerikalik harbiy xizmatchilarning sog‘lig‘ini tekshirish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Ular zararli moddalar va radiatsiya ta’siriga tushgan bo‘lishi mumkinligi aytilgandi.

Ekologiya qo‘mitasi o‘sha yerda inson nafas yo‘liga ta’sir ko‘rsatadigan darajadagi kimyoviy moddalarni dalalarga sepadigan aerodrom bo‘lganligini va qo‘mita hozirda o‘zining laboratoriyalarda o‘rganish ishlarini boshlaganini ma’lum qilgan edi.