Prezident Shavkat Mirziyoyevning 12 fevral kuni IIV hay’ati kengaytirilgan majlisida bergan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov boshchiligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga IIV axborot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishni Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov olib bordi.

Yig‘ilishda Prezident farmoni bilan Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan polkovnik Rustam Xatamov jamoaga tanishtirildi.

Shuningdek, Prezident farmoni bilan lavozimga tayinlangan vazir o‘rinbosari — Tergov departamenti boshlig‘i Yahyo Abdulhaqov hamda ichki ishlar vazirining axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘rinbosari Najmiddin To‘raxo‘jayev shaxsiy tarkibga tanishtirildi.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi zimmasiga tizim xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish belgilandi.

Yig‘ilishda jinoyatchilikka qarshi kurashni «mahallabay» tashkil etish, jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish hamda kelgusi davrda ichki ishlar organlari oldida turgan dolzarb vazifalar to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.

Xabarga ko‘ra, mahalla, tuman va shaharlar kriminogen vaziyatdan kelib chiqib, uch toifaga, ya’ni, «qizil», «sariq», «yashil»ga bo‘linishi kutilmoqda.

Shuningdek, kelgusida «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» negizida mahallalar kesimida aniq ma’lumotlar bazasi yaratiladi. Bu har bir muammoli shaxs bilan yakka tartibda manzilli ishlash imkonini beradi", — deya xabar berdi IIV axborot xizmati.