MasterCard kartalari egalari — ham O‘zbekiston fuqarolari, ham sayyohlar — 3 fevral kuni ularning ishtirokisiz 2018−2019 yillarda O‘zbekistonning turli hududlaridagi «Asakabank» terminallari va bankomatlarida naqdlashtirilgan pul mablag‘lari qayta yechib olingani haqida xabar berishdi. «Gazeta.uz»ga ushbu masala bo‘yicha bir nechta murojaat kelib tushdi, ma’lumot ijtimoiy tarmoqlarda ham e’lon qilindi.

Bankning 7 fevraldagi xabariga ko‘ra, 3 fevral kuni profilaktika ishlarini olib borish paytida uning protsessing markazida texnik nosozlik yuz bergan. Natijada avvalgi tranzaksiyalarning bir qismi takrorlanib, MasterCard kliring markaziga yuborilgan.

«„Asakabank“ AK va MasterCard tomonidan ushbu nosozlikni bartaraf etish uchun barcha zarur ishlar olib borilmoqda. Ikki nusxadagi fayllarni bekor qilish bo‘yicha ishlar 8 fevral oqshomidan boshlab amalga oshiriladi va muammo qisqa vaqt ichida to‘liq bartaraf etiladi», — deyiladi bank saytida.

«Gazeta.uz» so‘roviga javoban bank 3 fevral kuni 33% operatsiyalar bekor qilinganligini, 15 fevral holatiga ko‘ra esa 63% tranzaksiyalar bekor qilinganligini xabar qildi. Ilgari naqdlashtirilgan pullarni hisobdan qayta yechib olish texnik nosozlik tufayli yuz berdi, bu firibgarlik yoki xakerlik hujumlari natijasi emas, deya ta’kidladi bank.

Bank matbuot xizmati mablag‘lar bosqichma-bosqich qaytarilishi haqida aniqlik kiritdi.