Bir yil avval «Mening fikrim» portalida IMEI kodlarni ro‘yxatga olishda to‘lov undirishni bekor qilish bo‘yicha petitsiya e’lon qilingan edi. Mazkur petitsiya 3 soat ichida kerakli ovozni (10 ming) to‘plagan. Bugunga kelib bu ovozlar soni 25 mingga yaqinlashdi. Bunga bloger Xushnudbek.uz e’tibor qaratdi.

«Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Oliy Majlisi Senati Kengashining qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan nizom talabiga ko‘ra, Parlament va Hukumat nomiga yo‘llangan murojaat kamida o‘n mingta qo‘llab-quvvatlovchi ovozni olganda u belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi hamda murojaatni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qabul qilingan qaror moderator tomonidan 60 kundan oshmagan muddat ichida „Mening fikrim“ veb-portaliga joylashtirilishi lozim», — deya ta’kidladi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Biroq, oradan 365 kun o‘tgan bo‘lsada, murojaat xaligacha «Ko‘rib chiqish jarayonida» turibdi.

Shuningdek, Xushnudbek «gap IMEI tizimini butunlay bekor qilish haqida ketmayotganini», «bu tizimning qolishi tarafdori ekanligi, faqat ro‘yxatdan o‘tkazish bepul, mantiqiy va ortiqcha byurokratiyasiz bo‘lishi» lozimligini ta’kidlagan.

O‘tgan yilning 21 fevralida «Gazeta.uz» IMEI bo‘yicha pulli ro‘yxatga olishni bekor qilish to‘g‘risidagi masalani o‘rganish uchun parlament quyi palatasining mutasaddi qo‘mitasi tomonidan sakkiz kishidan iborat ishchi guruh tuzilgani haqida xabar bergan edi. Ishchi guruhdan tegishli qo‘mitadan to‘rt nafar deputat, byudjet boshqaruvi vakili hamda AKT sohasida tajribali uch mutaxassis o‘rin olgan edi.

O‘rganilgan ishlar asosida qo‘mita IMEI kodlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lovni bekor qilish/qoldirishning maqsadga muvofiqligi, shuningdek, ushbu sohada faoliyatni takomillashtirish bo‘yicha ma’ruzada o‘z fikrini bayon qilishi va ushbu fikrni Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etishi ko‘zda tutilgan edi.

O‘rganishlar natijasi bo‘yicha ma’ruza Qonunchilik palatasiga 2020 yilning 5 martida yuborilishi kerak edi.

Lekin Qonunchilik palatasi faqat 3 iyun kuni «Mening fikrim» veb-portaliga joylashtirilgan «mobil qurilmalarning imei kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishni soddalashtirish haqida"gi elektron jamoaviy murojaatni ko‘rib chiqish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Quyi palata qo‘mitasinig ma’ruzasi eshitilgan va Vazirlar mahkamasiga yuborilgan, deyiladi qarorda. Lekin ma’ruza mazmuni keltirilmagan.

Shuningdek, IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi «ishlatiladigan milliy axborot tizimlari va axborot resurslarining axborot xavfsizligi darajasini oshirishga, fuqarolar tomonidan turli xil elektron xizmatlarni olishi uchun xavfsiz platformani shakllantirishga, fuqarolar tomonidan yo‘qotilgan yoki o‘g‘irlatib qo‘yilgan mobil qurilmalardan foydalanishning oldini olishga, radiotexnik uskunalarning import oqimini legallashtirish va ularni standartlashtirishga keng imkon yaratishi» e’tiborga olingan.

Qonunchilik palatasi IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish amaliyotini Vazirlar Mahkamasining 847-sonli hamda 778-sonli qarorlarida belgilangan qoidalarga asosan davom ettirish maqsadga muvofiq va asosli deya ta’kidlagan.

Vazirlar Mahkamasiga ma’ruzada taqdim etilgan taklif va kamchiliklarni inobatga olgan holda IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish tavsiya etilgan.

IMEI kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi O‘zbekistonda 2019 yil aprel oyida ishga tushirilgan va majburiy qilib qo‘yilgan. Dastlab, qurilmalar avtomatik ravishda bepul ro‘yxatdan o‘tkazilgan. 2019 yilning dekabr oyidan boshlab xizmat pullik qilib qo‘yildi. Yil boshida IMEI kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish pullik asosda amalga oshirish boshlanganidan buyon 240 mlrd so‘m mablag‘ kelib tushgani ma’lum qilingan edi.

IMEI tizimi O‘zbekistonga telefonlar import qilishni qonuniylashtirishga yordam berdi. Xususan, 2020 yil yanvaridan noyabrigacha 781,7 mingta mobil telefonlar import qilingan, bu o‘tgan yilga nisbatan 10 baravar ko‘pdir.

Ammo fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari tarqalganidan keyin tizim tanqidga uchradi. 2020 yilning kuzida UZIMEI tizimi operatori mobil qurilmalarning IMEI-kodini uchinchi shaxslar pasportlaridan foydalangan holda ro‘yxatdan o‘tkazish holatlari (shu sababdan ko‘plab fuqarolar o‘zlarining qurilmalarini o‘z nomlariga ro‘yxatdan o‘tkaza olishmagan) bilan bog‘liq mojaro haqidaёзган edik. Tez orada Davlat bojxona qo‘mitasi noqonuniy ro‘yxatga olish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyati fosh qilinganligini e’lon qilgan edi. Keyinchalik UZIMEI tizimi operatori ro‘yxatdan o‘tish tartibini o‘zgartirgan edi.