15 fevral kuni Adliya vaziri Ruslanbek Davletov OAVga vazirlikning 2020 yildagi faoliyati to‘g‘risida hisobot berib, O‘zbekistonda NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va tartibga solish bo‘yicha savollarga javob berdi. «Gazeta.uz» kolumnisti Dilmurod Yusupov bu sohada amalga oshirilgan ishlar va bajarilmagan vazifalarni tahlil qildi.

NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazish borasida savol bilan murojaat qilgan Zo‘ravonlikka qarshi NeMolchi.uz loyihasi asoschisi Irina Matviyenko mustaqil tashabbuskor tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish hali ham mushkulligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, faqat «hokimiyat organlariga bevosita bog‘liq bo‘lgan yoki prezident farmoni bilan tuzilgan tashkilotlargina juda tez ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Fuqarolik tashabbuslari hanuzgacha juda ko‘p hollarda rad qilinmoqda, bu rad javoblari esa qandaydir ahamiyatsiz xatoliklar bilan bog‘liq».

U o‘zi bir necha marta NNTni ro‘yxatdan o‘tkazishga urinib ko‘rgani va ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ ta’sis hujjatlarini birinchi ko‘rib chiqish paytida yo‘l qo‘yilgan barcha xatoliklarni ko‘rsatmaganini aytib o‘tdi. Hujjatlar to‘rtinchi marta rad qilinganida, unga barcha hujjatlar risoladagidek bo‘lgan taqdirda ham ro‘yxatdan o‘tkazilmasligi haqida ochiqchasiga ma’lum qilinganini aytdi Matviyenko.

NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda bunday byurokratik talablar va to‘siqlar mening o‘tgan yilgi «Ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin emas rad etish» maqolamda batafsil tahlil qilingan edi.

Huquqshunoslik fanlari nomzodi Leonid Xvan NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish holatlarini chuqur tahlil qilgan holda NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazishning amaldagi tartiblari «Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida"gi qonunning tartibi va tamoyillarini buzishini ta’kidlagan edi.

NNT qonunchiligini liberallashtirish tendensiyasi?

Ruslanbek Davletov hozirgi paytda ba’zi byurokratik to‘siqlar saqlanib qolganini tan oldi.

«Ha, tan olishim kerakki, bizning qonunchiligimizda (NNTni — tahr.) ro‘yxatga olish bilan bog‘liq byurokratik jihatlar mavjud. Agar siz qonunchilikni liberallashtirish tendensiyasiga e’tibor qaratsangiz, so‘nggi ikki-uch yil ichida biz ushbu yo‘nalishda juda muhim qadam tashladik. Biz ko‘pgina talablarni olib tashladik. NNTlarning barcha faoliyatini muvofiqlashtirish kabi talablar mavjud edi, bojlar juda yuqori edi. Bundan tashqari, ko‘rib chiqish davri juda uzoq edi. Biz bu borada aniq ildam qadam tashladik».

Vazir ayni paytda NNT to‘g‘risidagi yangi Kodeks ishlab chiqilayotganligini ta’kidladi va bu yo‘nalishda davlat talablarini yumshatish uchun harakatlar olib borilayotganiga ishontirdi.

O‘tgan yilning fevralida vazir «islohotlar sur’ati mutaxassislarning umidlariga javob bermasligi mumkin», deb aytgandi va vazirlik kodeks loyihasida faol fuqarolar bilan birgalikda ishlashiga ishontirgandi.

Biroq, muqobil NNT kodeksi (matn o‘zbek va rus tillarida) ishlab chiquvchisi Oybek Isoqov:

«Afsuski, vazir NNT kodeksini qabul qilish jarayonini kechiktirish sabablari va uni ishlab chiqish va qabul qilishda NNT vakillarining o‘zlarining fikrlari qanday hisobga olinishiga to‘xtalmadi. Bugunga kelib, NNTlar o‘zlarining Kodeks loyihasi versiyasini tayyorladilar va Adliya vazirligiga taqdim qildilar, ammo hech qanday javob bo‘lgani yo‘q. Bizning takliflarimiz umuman ko‘rib chiqilganmi yoki yo‘qmi, biz bilmaymiz. Kodeks loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishini o‘tkazish va NNT kodeksining barcha variantlarini ko‘rib chiqish ham mumkin edi» deb takidlaydi.

Prezidentning 2020 yil 22 iyundagi O‘zbekistonda Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyasini tasdiqlagan farmoniga binoan, NNT to‘g‘risidagi kodeks loyihasini ishlab chiqish 2020 yil 1 avgustgacha yakunlanishi kerak edi.


Prezidentning 2020 yil 22 iyundagi UP-6012-sonli farmoni matnining skrinshoti.

Sudlanganlik ahamiyat kasb etadimi?

Adliya vaziri bu masalani gipotetik fond misolida tahlil qildi, bunda odamlar mablag‘lari to‘planib, so‘ng muhtojlarga qayta taqsimlanadi. U bu sohada juda ko‘p firibgarlar va shu yo‘l bilan mablag‘ yig‘ib, ularni shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatmoqchi bo‘lgan insofsiz odamlar borligini ta’kidladi.

«Shu bilan birga, hozirda turli NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazmoqchi bo‘lganlar juda ko‘p, ammo biz, albatta, ushbu sohadagi davlat siyosatini olib boruvchi davlat organi sifatida hujjatlarni juda sinchkovlik bilan ko‘rib chiqishimiz kerak. Byurokratiya mavjud, ha, albatta, men buni tan olaman, lekin bu majburiy byurokratiya… Biz bu odamlarni tekshirishimiz kerakku?! Bu odam kim? Sudlanganmi, sudlanmaganmi? Bu yerda biz e’tibor qaratishimiz lozim bo‘lgan aniq jamoat manfaatlari mavjud», — deya ta’kidladi vazir.

Shunday qilib, NNT asoschilarining va / yoki ularning qarindoshlarining ilgari sudlanganligi tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazishda to‘siq bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida oldinroq so‘z yuritgan taxminlarimiz o‘z tasdig‘ini topdi.

Shu bilan birga, 2014 yil mart oyidagi NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazishning amaldagi tartibida ta’sis hujjatlarini ko‘rib chiqishda ta’sischilarning sudlanganligi mezonlarini qo‘llash to‘g‘risida hech narsa aytilmagan.

Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt adolatli sud qilish va sudlanish huquqini kafolatlaydi (14-modda). Ne bis in idem prinsipiga ko‘ra, sodir etilgan jinoyati uchun jazolangan shaxs yana jazolanishi mumkin emas (Umumiy tartibdagi izoh №32 (2007), IX punkt).

Birlashish erkinligi uchun jamoaviy jazoni anglatuvchi sudlanganligi sababli ro‘yxatdan o‘tkazishda rad etish (22-modda) pakt ishtirokchi-davlatlari tomonidan qabul qilinmasligi kerak (O‘zbekiston unga 1995 yilda qo‘shilgan). Ma’lumot uchun: mazkur masala YeXHT / DIIHB ekspertlari tomonidan «Jamoat birlashmalari to‘g‘risida"gi Turkmaniston qonuniga sharhlar va tavsiyalar berish paytida ko‘tarilgan.

Ilgari sudlangan shaxslar assotsiatsiya va NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazish erkinligi huquqiga ega va bu huquq O‘zbekiston Konstitutsiyasining 34-moddasi bilan mustahkamlangan.

Agar COVID-19 pandemiyasi paytida ijtimoiy yordamni tarqatish tajribasiga nazar tashlansa, «Mahalla» hamda «Sahovat va ko‘mak» kabi davlat tomonidan tashkil etilgan xayriya fondlari ko‘plab huquqbuzarliklardan xoli bo‘lmaganiga amin bo‘lish mumkin. Bosh prokuratura tomonidan kam ta’minlangan oilalarga beriladigan nafaqa, ishsizlik nafaqalari va aholining boshqa zaif qatlamlariga ajratilgan mablag‘larni o‘zlashtirish holatlari aniqlandi.

Aslida, amaliyot shuni ko‘rsatadiki, «pastdan yuqoriga» tamoyili asosida tashkil etilgan NNTlar o‘z faoliyatini ancha shaffofroq olib boradi va suiiste’mol qilish holatlari kamroq, chunki ular muhtojlarga yordam berish uchun o‘z g‘oyalari va faoliyati bilan yonishadi.

Nima uchun ba’zi NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazish mumkinu, boshqalarini esa yo‘q?

Shuningdek, vazir «masalani siyosiylashtirish» zarurati yo‘qligini ta’kidladi va NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha har bir norozilikni batafsil ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladi. U Adliya vazirligi xodimlari rad etish sabablarini batafsil tushuntirib berishlari uchun ro‘yxatdan o‘tkazishda rad etilgan tashabbuskor guruhlarning aniq nomlarini ko‘rsatishni so‘radi.

Eslatib o‘tamiz, 6 yanvar kuni Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti O‘zbekistondagi o‘z tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda to‘siqlarga duch keladigan mustaqil guruhlar ro‘yxatini e’lon qildi.

Tashabbuskor guruhning konkret misoli — «Oltin qanot» yosh volontyorlar markazi, u Toshkent shahar Adliya boshqarmasidan NNTni ro‘yxatdan o‘tkazishda 20 ta (!) yozma rad javobini olgan.

Misol uchun, 4 dekabr kuni Adliya vazirligi matbuot xizmati Toshkent hokimi tomonidan noyabr oyida volontyorlik tushunchasini belgilash zarurligi to‘g‘risida qilgan bayonotlaridan so‘ng, O‘zbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi ro‘yxatdan o‘tganligini e’lon qildi. Shu bilan birga, «Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida"gi qonun ikki yil oldin qabul qilingan va ushbu konsepsiya va «volontyorlik tashkiloti» ta’rifini qonunchilik bilan mustahkamlab qo‘yilgan edi.

NNT ustavi namunalari e’lon qilinadimi?

NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda yuzaga keladigan muammolarning aksariyati tashabbuskor guruhlarni huquqiy qo‘llab-quvvatlamaslik bilan bog‘liq bo‘lib, bu me’yoriy hujjatlardagi xatoliklarning sababi hisoblanadi. Irina Matviyenko e-ngo.uz portalida NNTlarning, shu jumladan diniy tashkilotlarning namunaviy ustavlarini e’lon qilishni iltimos qildi, chunki ulardan fuqarolik faollari o‘zlarining ta’sis hujjatlarini taqdim etishda namuna sifatida foydalanishlari mumkin bo‘lar edi.

Vazir Ruslanbek Davletov ustav va umumiy talablar NNT portalida e’lon qilinishini va’da qildi. Shu bilan birga, u har bir NNTning ustavlari sohalar va faoliyat yo‘nalishlariga asoslangan holda o‘ziga xos xususiyatlarga ega ekanligini ta’kidladi.

Tashkiliy-huquqiy shakllari asosida NNT ustavlari namunalarining nashr etilishi, nizomni ro‘yxatdan o‘tkazishga tayyorlash vazifasini ancha osonlashtiradi, shu bilan birga ustav hujjatlaridagi huquqiy kamchiliklarni minimallashtiradi.

Adliya vaziri, shuningdek, «odamlar bizning qarorimiz ustidan shikoyat qilish huquqiga ega», ammo NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazishdan bosh tortganligidan norozi bo‘lib, «hech kim sudlarga shikoyat qilmasligini» va «sudga murojaat qilish odamlarning konstitutsiyaviy huquqi» ekanligini ta’kidladi. Biroq, shuni yodda tutish kerakki, yuridik ma’lumotga ega bo‘lmagan va shaxsiy mablag‘lari yetarli bo‘lmagan tashabbuskor fuqaro yuristlardan iborat o‘z armiyasiga ega Adliya vazirligini sudga berishga jur’at etolmaydi.

Agar «Madad» NNT yordam bermasa, unda kim?

Fuqarolik jamiyati faollariga malakali yuridik yordamning yetishmasligi og‘riqli nuqtalardan biridir. Irina Matviyenko «Madad» NNTning maslahat byurolariga bepul yuridik maslahatlar berishni va shu tariqa tashabbuskor guruhlarga o‘z tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda amaliy yordam ko‘rsatishni taklif qildi.

Vazir, «„Madad“ biz ijtimoiy sheriklik orqali qo‘llab-quvvatlaydigan NNT. Ularning viloyat va tumanlarda 60 ta vakolatxonasi mavjud. Ular bepul yuridik yordam ko‘rsatadilar. Va ularga biror bir ishni qilish kerakligini, kimgadir nimanidir tushuntirishlari lozimligini aytish, menimcha, bu bizning ishimiz emas. Ular sizning so‘rovlaringizdan kelib chiqib, shundoq ham yordam berishyapti. Jismoniy shaxslarga, yuridik shaxslar vakillariga emas. Ular fuqarolar bilan ishlaydi», — deb aytdi.

Shuni unutmaslik lozimki, o‘zlarining NNTlari ro‘yxatdan o‘tkazilgunga qadar tashabbuskor guruhlar a’zolari ham jismoniy shaxslar va O‘zbekistonning to‘la fuqarolari hisoblanadi. «Madad» NNTning vakolatiga nodavlat notijorat tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha huquqiy maslahatlar berish kiritilganmi, yo‘qmi, noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Muallifning 27 yanvardagi maqolasiga rasmiy munosabat bildirilganda, vazirlik «manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiya xatarlari paydo bo‘lishiga» qarshi turish maqsadida «NNTlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi ta’sis hujjatlarini tayyorlashda adliya organlari huquqiy yordam ko‘rsatishga, hujjatlar kelib tushganidan keyin ularning to‘liqligini tekshirishga haqli emas», deb ta’kidlagandi.

Ehtimol, bunday qabullarni ta’sis hujjatlarini ko‘rib chiqish jarayonida ishtirok etmaydigan va NNTlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi davlat idorasi bo‘lmagan «Madad» bepul yuridik maslahat byurolari xodimlari tomonidan amalga oshirilsa maqsadga muvofiqroq bo‘lar edi.

Umuman olganda, NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazish funksiyasi bir necha daqiqa ichida mas’uliyati cheklangan jamiyatlarni (MCHJ) ta’sischining ma’lumotlarini tayyor ustav va ta’sis hujjatlari shablonlariga kirita turib, ro‘yxatdan o‘tkazayotgan «Yagona darcha» markazlariga o‘tkazilsa, samaraliroq bo‘lardi.

Sirli ekspertiza

Shuni ta’kidlash muhimki, mamlakatning avvalgi prezidenti davrida shakllangan NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi hali ham o‘zgarmagan. Hozirga qadar barcha jarayonlar Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 10 martdagi 57-sonli qarori bilan tartibga solinadi.

Ushbu qarorning 1-ilovasining 19-bandiga binoan, adliya organlari hujjatlarni uchinchi tashkilotlarga ko‘rib chiqish uchun yuborish huquqiga ega, bu butun ro‘yxatga olish jarayonini ношаффоф qiladi.

«Hujjatlarni ko‘rib chiqishda biz ushbu hujjatlarni shubhasiz, davlat tashkilotlariga ularning faoliyat sohalariga qarab yuboramiz. Bu bizning nizomimizda yozilgan. Shuning uchun ular NNTni ta’sis etmqochi bo‘lgan ayrim tashkilotlar faoliyati to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildiradilar. Bu borada qilgan har qanday harakatlarimiz qonunchilik nuqtai nazaridan asoslangandir».

Aynan mana shu yerda haqiqiy manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi mumkin, chunki tashabbus guruh a’zolari bilmagan «sirli ekspertiza» o‘tkazadigan tashkilotlar ma’lum faoliyat sohasidagi o‘zlarining dominant pozitsiyasi asosida u yoki bu NNTni yaratish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida xulosasini bildirishlari mumkin.

Masalan, O‘zbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi ekspertiza uchun «Oltin Qanot» tashabbus guruhining ta’sis hujjatlarini olishi va bunday ko‘ngillilar tashkilotini tashkil etish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida xulosa berishi mumkin, axir allaqachon butun bir assotsiatsiyasi mavjud, uning asosiy vazifasi bu — «volontyorlar faoliyatini tashkil etish, volontyorlarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha tashabbuslarni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash"dir.

Bundan tashqari, nahotki, adliya organlari xodimlarining o‘zlari NNTlar to‘g‘risidagi qonunni buzganlik uchun ta’sis hujjatlarini tekshirishni cheklashlari mumkin bo‘lmasa, axir qonunning 25-moddasida NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish sabablari aniq ko‘rsatilganku?

«Kuratorlar» bormi yoki ular anchadan buyon yo‘qmi?

«Men tashkilotlar bilan, NNTlar bilan muloqotda bo‘laman, ba’zida ular menga „bilasizmi, men bu haqda kuratordan so‘rashim kerak“, deyishadi. Bilaman, Karimov davrida har bir NNTda MXXdan kurator bor edi. Nahotki, bu tizim hozir ham qolgan bo‘lsa?» — savol bilan murojaat qildi Irina Matviyenko.

Vazir NNTlarning qandaydir «kuratorlari» borligi haqidagi fikrni qat’iyan rad etdi va bu so‘zga o‘zining shaxsiy noroziligini bildirdi. U buni eshitib hayratga tushdi va bunday tushunchalar endi yo‘qligini aytdi.

Ta’kidlash joizki, «Nodavlat notijorat tashkitlotlar to‘g‘risida"gi qonunning 4-moddasiga binoan «Davlat organlari hamda ular mansabdor shaxslarining nodavlat notijorat tashkiloti faoliyatiga aralashishiga, xuddi shuningdek nodavlat notijorat tashkilotining davlat organlari hamda ular mansabdor shaxslarining faoliyatiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi».

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.

Dilmurod Yusupov — Sasseks universiteti (Buyuk Britaniya), Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti.