Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi «Qarshi-Xonobod» bazasida zararli moddalar borligini tekshirmoqda. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Islombek Boqijonov ma’lum qildi.

Donald Tramp o‘z prezidentligining so‘nggi kunida 2001−2005 yillarda «Qarshi-Xonobod» aviabazasida xizmat qilgan amerikalik harbiy xizmatchilarning sog‘lig‘ini tekshirish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Ular zararli moddalar va radiatsiya ta’siriga tushgan bo‘lishi mumkinligi aytilgandi.

Foto: Johnny Lee.

«Bizda paxta-g‘alla sohasida juda katta plantatsiyalar bo‘lgan. Har bir hududda aerodrom bo‘lib, u yerdan samolyot paxtani ustiga kimyoviy moddalar, gerbitsidlar sepgan (o‘simliklarni yo‘qotish uchun qo‘llaniladigan kimyoviy modda — tahr.)… Bizda, adashmasam, 17 ta kimyoviy poligon bor, undan tashqari taxminan 33 ta poligonlarni biz rekultuvatsiya qilib, yopdik», — dedi ekologiya qo‘mitasi rahbarining o‘rinbosari.

Islombek Boqijonov Xonobod bazasida kimyoviy poligon bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.

«AQSH harbiylari joylashgan Xonobod harbiy zona bo‘lgani uchun, uni ichiga bizning kirish imkoniyatimiz bo‘lmagan. Qo‘riqlanadigan joy bo‘lgani uchun biz uni analizini, holatini o‘rganolmaganmiz… Eshitishimizcha, o‘sha yerda ham shunday aerodrom bo‘lgan. U inson nafas yo‘liga ta’sir ko‘rsatadigan darajadagi kimyoviy moddalarni dalalarga sepadigan aerodrom bo‘lgan».

Uning aytishicha, qo‘mita hozirda o‘zining laboratoriyalarda o‘rganish ishlarini boshlagan va u yerda zararli moddalar va radiatsiya haqiqatda bo‘lganmi yoki yo‘qmi aniqlik kiritmoqchi. «Yaqin kunlarda bu bo‘yicha ma’lumot beramiz», — dedi u.