Davlat soliq qo‘mitasi davlat byudjetiga yetkazilgan zararni qisqartirish maqsadida «naqdlashtiruvchi korxonalar» faoliyatini cheklash mexanizmini joriy etdi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Hozirda tahlillar natijasida soliqlarni kamroq to‘lash maqsadida, pul mablag‘larini naqdlashtirish bilan shug‘ullanuvchi 396 ta «bir kunlik firmalar» xizmatidan foydalangan 10 mingga yaqin tashkilotlar ro‘yxati shakllantirilgan. 2960 tadbirkorlik sub’ektlarining bank hisobvaraqlariga joylashtirilgan inkasso topshiriqlari 1 martgacha vaqtinchalik bekor qilindi.

Reyestrga kiritilgan shubhali korxonalar bilan operatsiyalarni amalga oshirgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga bitimlarni o‘rganib chiqish uchun kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish bo‘yicha Davlat soliq qo‘mitasiga murojaat qilish imkoniyati berildi. Ijobiy xulosa qilingan taqdirda, inkasso topshiriqnomalarini bekor qilish va ilgari kamaytirib ko‘rsatilganligi uchun undirilgan mablag‘lar qaytarib berilishi ta’minlanadi.

16 fevralda Davlat soliq qo‘mitasiga ariza yuborgan 57 ta korxonada o‘tkazilgan soliq nazorati tadbirlarining dastlabki natijalariga ko‘ra quyidagilar aniqlangan:

  • 52 ta korxona yoki 91,3 foiz hollarda «uydirma» operatsiyalarni amalga oshirish faktlari tasdiqlandi;
  • 1 ta korxona uchun yoki 1,7 foiz hollarda «xayoliy» operatsiyalarni amalga oshirish holati tasdiqlanmadi, shu sababli ortiqcha olingan mablag‘larni qaytarish bo‘yicha tezkor jarayonlar boshlandi;
  • 4 ta tashkilotda yoki 7 foiz holatlarda noqonuniy hisobga olish qisman tasdiqlangan.

Shuningdek, birgina Toshkent shahrida 74 korxona noqonuniy hisobga olganligini tan olib ixtiyoriy ravishda 4,6 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘ bo‘yicha qayta hisob-kitob amalga oshirilgan.

«Naqdlashtiruvchi firma «larni aniqlash yuzasidan amaliyotga joriy qilingan yangi mexanizmni aholi va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida tushuntirish ishlarni qoniqarsiz olib borganligi, shuningdek soliq to‘lovchilar bilan yetarli darajada ishni tashkil etmaganligi uchun Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari egallab turgan lavozimidan ozod etildi, Toshkent shahar DSB Kameral nazorat va QQS ma’murchiligi bo‘limlari hamda DSQ Matbuot xizmati boshliqlariga xayfsan berildi.