Yaponiyaning hukmron partiyasidan bo‘lgan deputat favqulodda vaziyat qoidalarini buzgani uchun iste’foga chiqadi

Yaponiya parlamentining quyi palatasi a’zosi (Liberal-Demokratik partiyasidan) Takaki Surasuka favqulodda rejim cheklovlariga qaramay kechqurun klubga borgani uchun iste’foga chiqishga majbur bo‘ladi. Shuningdek, u keyingi parlament saylovlarida qatnashmaydi. OAVlarning yozishicha, 10 fevral kuni deputat ayol kishi bilan kechki soat sakkiz yarimlarda klubga kirib borgan va u yerda o‘nga qadar bo‘lgan. Favqulodda rejimning bir qismi sifatida Yaponiya hukumati restoran va barlarning soat 20:00da yopilishini va bir soat oldin spirtli ichimliklar bilan xizmat qilishni to‘xtatishni talab qilmoqda. Ushbu qoidani buzgani uchun endi umumiy ovqatlanish korxonasi 300 ming iyenaga (2,8 ming dollardan ortiq) jarima bilan jazolanishi mumkin. — Kyodo.

AQSH hukumati boshpana berish to‘g‘risidagi arizalarni 19 fevraldan ko‘rib chiqishni boshlaydi

Prezident Jo Bayden ma’muriyati 19 fevraldan boshlab ayrim toifadagi muhojirlar uchun AQSHdan boshpana so‘rash bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqishni boshlaydi. Ta’kidlanishicha, AQSH rasmiylari Meksika hukumati va nodavlat tashkilotlari bilan yaqin kelishilgan holda ishlaydi. Shu bilan birga, Oq uy potensial muhojirlarni hech qanday mustaqil choralar ko‘rmaslikka va zudlik bilan AQSHga kirishga urinmaslikka chaqiradi. Yaqinda AQSH hukumati «istalgan joydan kirish mumkin bo‘lgan» boshpana berish to‘g‘risidagi arizalarni virtual ro‘yxatga olish tizimini yaratishni rejalashtirmoqda. — Oq uy ma’muriyati.

Yangi Zelandiya Afg‘onistondan harbiylarini butunlay olib chiqib ketishini ma’lum qildi

Yangi Zelandiya 2021 yil mayigacha Afg‘onistondan o‘z harbiy kontingentini olib chiqadi. «Yangi Zenlandiya mudofaa kuchlarining Afg‘onistonda bo‘lgan 20 yillik faoliyatidan so‘ng bizning kontingentimizni [bu mamlakatda] joylashtirishni yakunlash vaqti keldi», — dedi bosh vazir Jasinda Ardern. Shuningdek, u Afg‘onistondagi harbiy ishtirok mamlakat tarixidagi eng uzoq muddatli bo‘lganini aytdi. Tashqi ishlar vaziri Nanaiya Maxutaning ta’kidlashicha, Yangi Zelandiya Afg‘oniston hukumati va xalqini qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi, ammo bu «Afg‘oniston ichidagi tinchlik jarayoni doirasida» amalga oshiriladi. Bu kungacha Afg‘onistonda mamlakatning 3,5 mingdan ortiq askari xizmat qilgan. — The Guardian.

AQSHning Texas shtatida deyarli 4,5 mln odam elektr ta’minotisiz qoldi

16 fevral kuni AQSHning Texas shtatida rekord darajada past harorat tufayli qariyb 4,4 mln kishi elektr ta’minotisiz qoldi. Xyuston va Galveston hududlari eng ko‘p zarar ko‘rgan. Sovuq ob-havo elektr energiyasiga bo‘lgan talabni oshirgan, lekin davlat elektr tarmoqlari bu talabni qondira olmadi. AQSHda Arkanzasdan Indiana shtatigacha rekord darajada past harorat o‘rnatildi. O‘tgan payshanba kunidan beri kamida 25 kishi sovuq harorat tufayli sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalarda vafot etdi. Shtat, shuningdek, elektr ta’minotidagi uzilish sababli mahalliy sog‘liqni saqlash bo‘limida koronavirusga qarshi vaksinalarning buzilishidan xavotirda. — NBC.

Yevropa ayollar va nogironlarni Oyga yuboradi

Yevropa kosmik agentligi (ESA) Oyga ekspeditsiyalar uchun 26 nafar astronavtni jalb qilishga tayyorlandi, keyinchalik ularni Marsga jo‘natish rejalashtirilgan. ESA o‘z xodimlari orasida ko‘proq ayollar va nogironlarni ko‘rishni xohlaydi. Yangi kosmonavtlar jalb etish jarayoni 11 yil ichida birinchi marta o‘tkazilmoqda va u boshqariladigan kosmik ekspeditsiyalarni qayta tiklash sifatida namoyish etilmoqda. Tanlov dasturi 2022 yil kuzigacha davom etadi. Nogironlarni kosmosda ishlashga jalb qilish imkoniyati yangi texnologiyalar tufayli paydo bo‘ldi. «Gap kosmosda ishlashga kelsak, biz hammamiz nogironmiz», — dedi italiyalik kosmonavt Samanta Kristoforetti. Kelajakdagi kosmonavtlardan magistr darajasi va fan, muhandislik, matematika yoki informatika sohasida uch yillik amaliyot hamda sinovlarga psixologik tayyorlikni talab qilinadi. — The Guardian.