Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanida yashovchi bir oilaning 3 nafar a’zosi uy sharoitida tayyorlangan konservadan zaharlandi, deya xabar qildi Daryo.uz «Zamon» informatsion dasturi ma’lumotlariga tayangan holda.

Oila boshlig‘i A.G‘.ning ta’kidlashicha, uning o‘g‘li va kelini kechki ovqatga kolbasa va tuxum qovurib, uy sharoitida konservalangan pomidor iste’mol qilgan. Shu kuni kechasi kelinining tobi qochib, o‘zini yomon his qila boshlagan. Shundan so‘ng oila a’zolari tez yordam chaqirib, uni «Do‘stlik» tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar bo‘limiga olib borgan.

«Kechqurun pomidordan ozroq yegan, bizlarga aytmagan. Ertalab qayt qilgan. Tushlikda o‘g‘lim ishdan kelganida o‘sha konserva mahsulotidan iste’mol qilgan. Undan men ham ozgina yeb yuborgandim», — deydi A.G‘.

Shifokorning so‘zlariga qaraganda, 1995 yilda tug‘ilgan X.G‘. shifoxonaga olib kelinganida juda holsiz va so‘zlasha olmaydigan holatda bo‘lgan.

«Bemor shifoxonaga olib kelinganida, botulizm alomatlari yaqqol kuzatilib turgan edi. Lekin kolbasa yeganidan boshqa narsani aytmadi. Keyin eri ham pomidordan yegani ma’lum bo‘ldi. Shundan keyin ular pomidor konservasini yeganini aytdi. Aniqlasak, ularning otasi ham konserva mahsulotini iste’mol qilgan ekan. Uni ham shifoxonaga olib kelib yotqizdik», — deydi shifokor.

Ta’kidlanishicha, bemorlar shifoxonaga kelishi bilan kerakli muolajalar qilingan. Ammo xonadonning 26 yoshli kelini ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay vafot etgan.

Shifokorning aytishicha, marhuma zaharlangandan so‘ng 1,5 kun davomida shifokorlarga murojaat qilmagan.

Avvalroq Samarqandda 5 kishi pomidor konservadan zaharlangani va ulardan birining vafot etgani haqida xabar qilingan edi.