Toshkent viloyati hokimligida o‘tkazilgan navbatdagi «Hokimlik soati»da yaqinda lavozimga tayinlangan viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Davron Hidoyatov hududdagi muammo va kamchiliklarni muhokama qildi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Hokim yig‘ilishda viloyatdagi barcha rahbar lavozimida faoliyat yuritayotgan mansabdorlarga muhim ikkita topshiriq bergan.

«Birinchidan, bir hafta muddatda Toshkent viloyati hokimligi, shahar va tumanlar hokimliklari elektron hujjat aylanish tizimiga to‘liq o‘tkaziladi. Qog‘ozbozlik maksimal darajada kamaytiriladi. Ikkinchidan, ikki yil ichida viloyatda bog‘cha yoshidagi bolalarning maktabgacha ta’limga qamrab olinishi 100 foizga yetkazilishi bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘riladi», deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, majlisda Hidoyatov investorlar bilan ishlash masalasiga e’tibor qaratgan. U yirik investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilishi ko‘zlangan hududlar — Bo‘ka, Bo‘stonliq, Piskent, Ohangaron tumanlari hamda Angren va Ohangaron shaharlaridagi vaziyatni o‘nglash bo‘yicha hokimlarga topshiriqlar bergan.

Yig‘ilishda 2020 yilgi investitsiya dasturi asosida qurilayotgan ob’ektlaridagi joriy vaziyatga ham to‘xtab o‘tilgan.

Qayd etilishicha, viloyatda o‘tgan yili jami 177 ta ijtimoiy soha ob’ektlari uchun 2 trln 168 mln so‘m ajratilgan. Jumladan, viloyat hokimligi buyurtmachiligida — 607 mlrd 118 mln so‘mlik 69 ta ob’ekt, vazirlik va idoralar buyurtmachiligida — 1 trln 409 mln so‘mlik 108 ta ob’ektni qurish va ta’mirlash belgilangan.

2020 yilda 62 ta ob’ektdan, 40 tasi yoki 61,2 foiz ob’ekt foydalanishga topshirilgan. Qolgan 22 ta ob’ekt esa foydalanishga topshirilmagan.

Viloyat hokimi ana shu ob’ektlar qurilishiga mas’ul bo‘lgan shaxslarga huquq-tartibot idoralarini jalb etgan holda, chora ko‘rish bo‘yicha topshiriq berdi.

Madaniyat markazlari

Shuningdek, joriy yil viloyatda 13 ta yangi madaniyat markazi quriladi, yana 9 tasi rekonstruksiya qilinadi. 7 ta madaniyat va istirohat bog‘lari tashkil etilib, 4 ta teatr faoliyati yo‘lga qo‘yilishi (shundan, 1 ta qo‘g‘irchoq teatri), 3 ta madaniyat dam olish markazi barpo etilishi maqsad qilingan. Rejada 5 ta madaniy meros ob’ektini ta’mirlash hamda O‘rta Chirchiqda 1 ta Bolalar musiqa va san’at maktabini qurish ham bor.

Toshkent viloyatida jami 71 ta madaniyat markazi mavjud bo‘lib, ularning musiqa asboblari bilan ta’minlanganlik darajasi o‘rtacha 30 foizni tashkil etadi.

Yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 1−3 iyun kunlari Toshkent viloyatiga tashrifi arafasida Bo‘ka tumanidagi «Bo‘ston» va «Mustaqil O‘zbekiston» madaniyat markazlari ta’mirlangan bo‘lsada, ular hanuz zamonaviy cholg‘u asboblari bilan ta’minlanmaganligi aytildi. Bu borada mahalliy hokimlik tomonidan mablag‘ ajratish bo‘yicha amaliy chora ko‘rilmagan.

Yig‘ilishda 2020 yilda birorta ham shahar va tumanlarda ta’lim muassasalarini musiqa asboblari bilan ta’minlash uchun mahalliy byudjetdan hech qanday mablag‘ ajratilmagani ta’kidlandi.

«Salomatlik yo‘laklari»

2021 yilda viloyatda «Salomatlik yo‘laklari»ni tashkil etish bo‘yicha dastlabki loyihalar ishlab chiqilgan va yo‘laklar masofasi 107,6 km etib belgilangan. Shundan, velosiped yo‘li 54,4 kmni, piyodalar yo‘lagi 53,2 kmni tashkil etadi.

Shahar va tumanlarda 30 ta 3−5 kmlik yurish, yugurish va velosiped yo‘laklari, 24 ta stadion, 1 ta basseyn, gimnastika zali tashkil etiladi. Shu bilan birga, 1050 ta mahallada «Work out» va Stritbol maydonchalari barpo etish ko‘zda tutilgan.

Mazkur yo‘nalishda muammolar ham talaygina. Xususan, Parkent tumanidagi Bolalar va o‘smirlar sport maktabi uchun ajratilgan 5,9 mlrd so‘m mablag‘ evaziga «Ho‘ja» mahallasida «Kurash arenasi» va boks zali 2018 yilda qurib, topshirilishi belgilangan edi. Bugungi kunga qadar qurilish ishlari yakuniga yetkazilmagan.

Hozirgi kunda ushbu loyiha pudratchisi «Mashxur» MCHJga nisbatan huquqiy chora ko‘rish yuzasidan Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan Bosh prokuroturaga taqdimnoma kiritilgan.

Bundan tashqari, davlat rahbarining 2019 yilning 1−3 iyun kunlari viloyatga tashrifi davomida Yangiyo‘l tumanida yengil konstruksiyali senvich paneldan sport zali qurish topshirig‘i berilgandi.

Ammo, «Yagona buyurtmachi xizmati» IK tomonidan moliyalashtirish masalalari to‘liq amalga oshirilmagani bois hozirda qurilish ishlari yakuniga yetkazilmagan.

AKT

2021 yilda Toshkent viloyatida 17 ta raqamli texnologiyalar o‘quv markazi, 1 ta Robototexnika markazi, 8 ta IT maktablar tashkil etilishi reja qilingan.

Bundan tashqari, Nurafshon shahrida Toshkent davlat axborot texnologiyalari universitetining filiali va texnikumi tashkil etilishi hamda sentyabr oyida ishga tushirilishi belgilangan.

Biroq, bugungacha universitet filiali va texnikumni barpo etish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilmagan. Bu borada Nurafshon shahar hokimligi tashabbus ko‘rsatishi, loyiha xujjatlarini ishlab chiqib, tez fursatlarda qurilish ishlarini boshlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilashi lozimligi aytildi.

Qolaversa, Zangiota, Qibray, Quyichirchiq, O‘rtachirchiq tumanlaridagi axborot kutubxona markazlarini yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulash, elektron kutubxonalar tashkil etish bo‘yicha choralar ko‘rish zarurligi qayd etildi.

Bundan tashqari, viloyatda 7 ta elektron kutubxona, 5 ta Axborot kutubxona markazi, 7 ta Bookcafé tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda viloyatda 21 ta Axborot kutubxona markazi mavjud bo‘lib, shundan 9 tasi — Ohangaron va Yangiyo‘l shaharlari, Yangiyo‘l, Bekobod, Quyi Chirchiq va Chinoz tumanlarida o‘z binosiga ega emas.

Aholi bandligini ta’minlash

Xotin-qizlar bandligi ta’minlash maqsadida «O‘zpaxtasanoat» AJ tomonidan viloyatda 26 ta to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari tashkil etilgan.

Ammo jamiyat tomonidan korxonalarda qurilish, jihozlash ishlari yakuniga yetkazilmagani sabab Yangiyo‘l tumanidagi 150 o‘ringa mo‘ljallangan «Trade LineTekstil» MCHJga qarashli korxona, Quyichirchiq tumanidagi «Paxtazor», «Navqiron», «Madaniyat» mahallaridagi jami 3 ta tikuvchilik korxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan.

Viloyatning yangi rahbari yuqoridagi muammo va kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish bo‘yicha barcha mas’ullarga ko‘rsatma va topshiriqlar bergani ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Davron Hidoyatov prezidentning 30 yanvardagi farmoni bilan Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatovning o‘rniga viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan edi. Tayinlovdan oldin u Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.