Bosh prokuratura hamda DXX tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Jalaquduqda o‘zini “kadastr” xodimi deb tanishtirgan shaxs va Jondorda kadastr filiali mutaxassisi jinoyat ustida qo‘lga tushdi. Bu haqda “Gazeta.uz"ga Bosh prokuratura xabar berdi.

Jalaquduqdagi holatda muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan, ishsiz M.K. fuqarolarga o‘zini tuman Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi xodimi deb tanishtirib yurgan.

M.A. va uning qo‘shnisiga uy-joy qurish uchun “Haqiqat” MFY hududidan har biriga 6 sotixdan, 12 sotix yer maydoni olib berishini aytib, evaziga 1.300 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Shunga o‘xshash holat Jondorda ham aniqlangan.

Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastr davlat korxonasi Jondor tumani filiali mutaxassisi F.S., R. ismli fuqaroni uning 23 sotix yer maydonini dehqon xo‘jaligi nomiga rasmiylashtirish masalasini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali hal qilib berishiga ishontirgan.

Buning evaziga esa oldindan kelishilgan 400 AQSH dollari hisobidan, 100 AQSH dollari va 2 mln so‘mni olgan vaqtda ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 28-moddasi (jinoyat ishtirokchilarining turlari), 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq, “Gazeta.uz” Namanganda fuqarolarni Rossiyaga soxta hujjatlar bilan jo‘natishga urinish holati aniqlangani hamda Nukusda fuqaroni ichki ishlar tizimiga ishga kiritishni va’da qilgan shaxs ushlangani haqida xabar bergan edi.