Adliya vaziri Ruslanbek Davletov dushanba kuni vazirlikda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida 2020 yil sarhisobini qilar ekan, korrupsiya mavzusiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. «Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, vazir korrupsiyaga aylanib ketayotgan eskichilik ko‘p yillik qadriyat bo‘lsa ham, ulardan voz kechish lozimligini aytgan.

«Bizning an’analarimiz, milliy qadriyatlarimiz bor, mehmondo‘stlik deymiz, boshqa deymiz. Sovg‘alar berishni juda yaxshi ko‘radi bizdagi insonlar. Yangi yil bo‘lsa hamma sovg‘a tashishni boshlaydi. Bu yil ham xuddi shuni kuzatdik. Qashqadaryodan tandir keladi, Xorazmdan guruch keladi. Hamma joyda mana shu jarayon bo‘lib ketadi. Eskichilikning shunaqa sarqitlari bo‘ladigan bo‘lsa, ya’ni milliy an’analar jamiyat rivojlanishiga to‘sqinlik qilar ekan, bu an’analardan, albatta, voz kechish kerak», — dedi vazir.

«Rivojlanishga ta’sir qilayaptimi, yillar davomida shakllangan an’anami, qadriyat bo‘lsa ham, madaniyat bo‘lsa ham, baribir, voz kechishimiz kerak. Mehmondo‘stlik, o‘zbekchilik degan gapimiz kerak bo‘lsa, salbiy kontekstda ishlatiladigan holatda ham bo‘lib qolayapti. Aslida o‘zbekchilikning tagida juda beg‘ubor g‘oyalar yotishi kerak», — deya qo‘shimcha qildi Davletov.

U rahbar lavozimga yangi tayinlangan mansabdorlar shaxsiy xizmat xonasini ta’mirlashi yoki mashina xarid qilishga tushib ketishi haqida ham fikr bildirdi.

«Shunaqa odat bor, yangi rahbar ishga kelganidan keyin darrov xonasini ta’mirlashni boshlaydi. Boshidan binolarni, katta-katta pullarni xarajat qiladi. Moshinalar bo‘yicha, mana, qanday muammolar tug‘ilayapti. Chet el, viloyatlarga safarlar harajatlarini kim qoplaydi?» — deya ta’kidladi vazir.

Adliya vazirligi rahbarining aytishicha, buning barchasi «mentalitet bilan bog‘liq bo‘lgan korrupsiya». Undan qutilish uchun esa «hukumat o‘z amaldorlarini to‘g‘ri tarbiyalay olishi kerak».

«Hamma aytadiki, jamiyat o‘zini-o‘zi tarbiyalay oladimi? Men o‘ylaymanki, birinchidan, bu davlat va hukumatning mas’uliyati. Odamlarga shuni to‘g‘ri tushuntirish, yangi g‘oyalar va standartlarni joriy qilish kerak. Chunki korrupsiya asosan qayerda bo‘layapti? Davlat ishtirok etgan bo‘g‘inda bo‘layapti. Ya’ni, amaldorlar bilan bog‘liq bo‘lgan bo‘g‘inda bo‘layapti. Shuning uchun, birinchi navbatda, hukumat o‘zining amaldorlarini to‘g‘ri tarbiyalay olishi kerak. Bu signallarni jamiyatga yuborishi, ular keyin qabul qilinib, kerak bo‘lsa, o‘zimizning jamiyatda yurish-turish qoidalarimiz ham shunga qarab o‘zgarishi lozim. Bu mentalitet bilan bog‘liq bo‘lgan korrupsiya. Koreya xuddi shu o‘ziga yarasha milliy an’anaviy munosabatlaridan korrupsiyani yo‘qotish maqsadida voz kecha olgan», — dedi vazir.

Bundan tashqari, anjumanda so‘nggi vaqtlarda jamiyatda korrupsiyaga nisbatan toqatsizlik, jamoatchilikning xalq puli — byudjet mablag‘lari qanday sarflanayotganiga qiziqishi ortib borayotgani qayd etildi.

«Jamiyatimizda korrupsiyaga nisbatan toqatsizlik oshdi. Chunki jamoatchilik yangi xabarlar bilan tanishib, o‘zining nafratini bayon qila oldi. Ayniqsa, mana, shaffoflikning orqasidan kelib chiqib, davlat organlari o‘zlarining davlat xaridlarini ochiqlashni boshlaganidan keyin muammolar ko‘zga tashlanishni boshladi. Jamoatchilik xalq puli, byudjet puli qayoqqa, qanday sarflanayotganini ko‘rayapti. Bu juda ham ijobiy jarayon va davlat organlari mas’uliyatini oshirishda juda yaxshi mexanizm sifatida o‘rtaga chiqayapti. Adliya vazirligi buni qo‘llab-quvvatlaydi. Hali shaffoflik bo‘yicha qiladigan ishlarimiz juda ko‘p. Davlat dasturida ko‘rgan bo‘lsangizlar, ochiq va hisobdor hukumat degan dastur ishlab chiqilishi kerak. Adliya vazirligi allaqachon loyihani ishlab chiqqan», — dedi Davletov.