«Snos"lar bo‘yicha eng ko‘p noqonuniy qarorlar, jumladan, yer yegasining roziligi olinmasligi holatlari Andijon viloyatida qabul qilingan, deya ma’lum qildi Bosh prokuratura boshqarma prokurori Abdurahim Muhiddinov.

Shunday qarorlar orasida ijarachi bilan kelishilmaslik, tegishli xalq deputatlari kengashlarining qarori yoki hukumat qarori chiqarilmaganligi, Adliya organlarining ijobiy xulosasi olinmaganligi, kelishuvlar notarial tasdiqlanmaganlik holatlari ham kuzatilgan.

Noqonuniy qarorlar Andijonda (48 ta), Toshkentda (11 ta), Namanganda (7 ta), Jizzaxda (6 ta), Qoraqalpog‘istonda (4 ta), Buxoroda (3 ta) va Qashqadaryoda (1 ta) qabul qilingan.

Buning oqibatida, respublika bo‘yicha 1338 ta holatda mulk egalaridan 221,5 mlrd so‘m qarzdorlik yuzaga kelib, ularning huquq va manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Ta’kidlanishicha, mahalliy hokimliklarning hisobidagi jamg‘armada qoldiq mablag‘lar mavjud bo‘lsa-da, Toshkent shahrida 76,4 mlrd so‘m, Toshkent viloyatida 49 mlrd so‘m, Sirdaryoda 51 mlrd so‘m, Qashqadaryoda 17 mlrd so‘m, Surxondaryoda 9,7 mlrd so‘m, Jizzaxda 7 mlrd so‘m, Samarqandda 5 mlrd so‘m, Farg‘onada 2,4 mlrd so‘m va Andijonda 2 mlrd so‘m qarzdorlik qoplanmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2020 yilda «snos"lar tufayli buzilgan mulklarning 55 foiziga kompensatsiya to‘lanmaganligi haqida xabar berilgan edi.