Yangi qurilayotgan uy-joy komplekslari orasida quruvchi kompaniyalar hisobidan qo‘shimcha maktab ham qurib beriladi. Bu haqda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, prezident Davlat dasturi muhokamasidagi videoselektorda ushbu ijobiy tajribani barcha hududlardagi yangi qurilayotgan uy-joy komplekslariga keng joriy etish bo‘yicha hududlar rahbarlariga topshiriq berdi.

«Har bir yangi quriladigan xonadonga taxminan 1,5 o‘quvchi o‘rnini hisobini olib, davlat maktabi qurib berish kerak bo‘ladi. Shunda tijorat maqsadlarida 1000 ta kvartirali kompleks qurilsa, 1500 o‘rinli davlat maktabi ham qurib topshiriladi», — deyiladi xabarda.

Xalq ta’limi vazirining ta’kidlashicha, bu o‘z navbatida maktablarga ajratilayotgan investitsiya dasturidagi mavjud mablag‘lar doirasida uzoqroq hududlardagi ko‘proq maktablarni kapital ta’mirlashga imkoniyat beradi. «Chunki viloyat markazida 1 ta yangi maktab qurishga ketadigan xarajat hisobiga tumanlarda kamida 10−15 ta maktabni zo‘r qilib kapital ta’mirlasa bo‘ladi», — dedi u.