Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda DXX tomonidan Namangan viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbir vaqtida fuqarolarni Rossiyaga qalbaki hujjatlar bilan jo‘natishni maqsad qilgan ikki nafar shaxs ushlandi. Bu haqda “Gazeta.uz"ga Bosh prokuratura xabar berdi.

Fuqarolar N.X. va A.A.lar pandemiya davrida Rossiya Federatsiyasiga kirish taqiqlanganidan foydalanib, ushbu davlatga ketish istagida bo‘lgan ikki nafar fuqaroning ishonchiga kiradi. Natijada ularni davolanish maqsadida taklifnoma asosida Rossiyaga chiqarib yuborish uchun soxta hujjatlarni hamda buning evaziga 1 000 AQSH dollari va 5,2 mln so‘mni olgani vaqtida qo‘lga tushgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168 (Firibgarlik) va 228-moddalari (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi O‘zbekistonda pandemiya davrida fuqarolarni Rossiyaga firibgarlik yo‘li bilan jo‘natishga urinayotgan shaxslar paydo bo‘lgani haqida ogohlantirgan edi. Agentlik fuqarolardan Rossiyaga hududiga olib kirib qo‘yish xizmatlarini taklif etayotgan shaxslarga ishonmaslik va turli yo‘llar bilan ushbu mamlakatga noqonuniy kirib borishga urinmaslikni tavsiya qilgan edi. Soxta hujjatlar bilan chegaralarni kesib o‘tishga O‘zbekiston va Rossiya qonunlariga muvofiq, jinoiy javobgarlik belgilanganini ma’lum qilgandi.

Prezident Vladimir Putinning topshirig‘iga binoan Rossiya hukumati 2021 yil 1 martgacha mehnat muhojirlarini Rossiyada qurilish ishlariga soddalashtirilgan tartibda jalb qilish uchun sharoit yaratishi lozim.