«Milliy tiklanish» va «Adolat» partiyalarining Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari tomonidan Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda «Axborotlashtirish to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga oid hujjat loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda Milliy tiklanish partiyasi rahbari Alisher Qodirov yozmoqda.

Unga muvofiq, JKning 244-moddasi o‘zgartirilmoqda. Hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga faollik bilan bo‘ysunmaslikka, ommaviy tartibsizlikka va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga ommaviy da’vat qilish — jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi nazarda tutilmoqda.

Amaldagi 244-moddada esa mazkur javobgarlik turi keltirilmagan. — «Qurol yoki qurol sifatida foydalaniladigan boshqa narsalarni ishlatib yoxud ishlatish bilan qo‘rqitib shaxsga nisbatan zo‘rlik ishlatish, qirg‘in solish, o‘t qo‘yish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish, hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish orqali sodir etilgan ommaviy tartibsizliklar tashkil qilish, shuningdek, ommaviy tartibsizliklarda faol qatnashish» — 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan.

Shu bilan birga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 201-moddasiga 1-qismiga qo‘shimcha kiritilmoqda. Unga ko‘ra, fuqarolarni O‘zbekiston qonunchilik hujjatlari talablarini bajarmaslikka yoki buzishga, shu jumladan ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiyalar tarmoqlaridan, internet jahon axborot tarmog‘idan, shuningdek matnni nashr etish yoki boshqa shaklda ko‘paytirish turlaridan foydalangan holda ommaviy da’vat qilish kabi huquqbuzarlik uchun BHMning 60 baravaridan 80 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.

Bundan tashqari, «Axborotlashtirish to‘g‘risida"gi qonunning 12-moddasi 1-qismi qo‘shimcha bilan to‘ldirilmoqda. Unda veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtiriladigan internet jahon axborot tarmog‘idagi sahifasida:

  • ommaviy tartibsizliklarga, fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlikka, belgilangan tartibni buzgan holda o‘tkaziladigan yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari va namoyishlarda ishtirok etishga da’vat qilish;
  • jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborot tarqatish;
  • jamiyatga, davlatga, davlat ramzlariga (milliy va umuminsoniy qadriyatlarga) hurmatsizlikni namoyon etuvchi beodoblik bilan ifodalangan axborotni tarqatish;
  • pornografiya, zo‘ravonlik yoki shafqatsizlikni targ‘ib qilish, shuningdek o‘z joniga qasd qilishga da’vat etish. Rossiyadaga shu kabi normani o‘zida aks ettirgan qonun 2019 yilning mart oyida qabul qilingan edi.
  • voyaga yetmagan shaxslarni ularning hayoti va (yoki) sog‘lig‘iga yoxud o‘zga shaxslarning hayoti va (yoki) sog‘lig‘iga tahdid soluvchi g‘ayrihuquqiy harakatlarni sodir etishga undashga va boshqa tarzda jalb qilishga yo‘naltirilgan axborotni tarqatish;
  • referendum to‘g‘risidagi va saylov haqidagi qonunchilikda nazarda tutilgan cheklovlarga rioya etmaslik;
  • fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlarini ularning roziligisiz joylashtirish;

Qo‘shimchalarga muvofiq, o‘ziga xabar yuborilishi uchun o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga, shu jumladan tezkor xabarlar almashish tizimlariga elektron pochta manzilini, qonunni buzgan holda tarqatilayotgan axborot to‘g‘risida murojaatlar yuborilishi uchun o‘z ism-sharifining bosh harflarida, familiyasini (jismoniy shaxs uchun) yoki nomini (yuridik shaxs uchun) joylashtirishi ham belgilanmoqda.

Qonunning 12-moddasi 1-qismiда ko‘rsatilgan axborot aniqlangan taqdirda, ushbu ma’lumotlardan foydalanishni cheklash choralarini darhol ko‘rishi lozim bo‘ladi.

Bundan tashqari, o‘z veb-saytida va (yoki) veb-sahifasida internet jahon axborot tarmog‘i milliy segmentining domen nomlari tizimida izoh beruvchi shaxslar turgan mamlakatni identifikatsiyalovchi noyob manzil (IP-manzil) to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aks ettirishi shart ekanligi belgilanmoqda.

Endi qonun loyihasi quyi palata yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi.