O‘zbekistonda yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari va namoyishlarni tashkil etish SSSR Oliy Kengashi Prezidiumi farmoni bilan tartibga solinmaydi. Bu haqda dushanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida adliya vaziri Ruslanbek Davletov “Gazeta.uz” muxbiri savoliga javob bera turib ma’lum qilgan.

Bugungi kunda O‘zbekiston qonunchiligida yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish uchun ma’muriy va jinoiy [MJtKning 201 va 202-moddalari hamda Jinoyat kodeksining 217-moddasida] javobgarlik belgilangan bo‘lib, ammo tartibning o‘zi qayd etilmagan.

Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 29 iyuldagi qarorida ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi aks etgan. Biroq, u yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirishga tegishli emas.

2019-yilning 11-noyabrida “Fergana” Rossiya nashri “OVD-Info” loyihasi bilan birgalikda tayyorlangan materialida, O‘zbekistonda yig‘ilish erkinligi hanuz SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1988-yilning 28-iyulidagi SSSRda uchrashuvlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari va namoyishlarini o‘tkazish tartibiga oid 9306-XI-sonli farmoni bilan tartibga solinishi haqida bayon etilgan edi.

Hook.Report nashri 2020-yilning mart oyida O‘zbekiston qonunchiligini tahlil qilib, huddi shunday xulosaga kelgan edi. Biroq, Adliya vazirligi vakili e’lon qilingan materialga izoh qoldirib, SSSR Oliy Kengashi Prezidiumi farmoni O‘zbekiston hududida amal qiluvchi normativ-huquqiy hujjat hisoblanmasligini qayd etdi.

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ham mitinglarni o‘tkazish tartibi hanuz SSSR farmoni bilan amal qilishini rad etdi.

“Yo‘q, amal qilmaydi. Chunki u yerda [prezidium farmonida] yozilgan organlar, munosabatlar tizimi bugungi kunda mavjud emas. Bizni qonunchilikka [1991-yilgi hujjatga] asosan O‘zbekiston qonunchiligiga zid kelmagan qismi bo‘yicha SSSR hujjatlari amal qilishi yozilgan. Lekin u yerda yozilgan normalar bugungi kundagi qonunchilikka to‘g‘ri kelmaydi. Chunki, “raykom” yo‘q-ku. Hokimiyatni “raispolkom"ning huquqiy vorisi deb qaray olmaysiz. Bu umuman boshqa-boshqa organ. Shuning uchun u [prezidium farmoni] amal qilmaydi”, — dedi Ruslanbek Davletov.

Adliya vazirligi rahbari IIV tomonidan ishlab chiqilgan “Miting, yig‘ilish va namoyishlar to‘g‘risida"gi qonun loyihasi qayta ishlashga yuborilganini aytdi.

“Biz ko‘rganmiz va qaytarib yuborganmiz. Adliya vazirligi nuqtai nazaridan huquqiy ekspertizada katta masalalar bo‘lgan. Ikki-uch marta bu qayta ishlandi. Oxirgi variantini biz hali ko‘rmadik. Lekin albatta, bu qonun kerak. Loyiha bekorga ishlab chiqilmadi. U davlat dasturi asosida keltirilgan topshiriq bilan ishlab chiqildi”, — deya ta’kidladi vazir.

Ruslanbek Davletov bu borada qonunbuzarlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik mavjud bo‘lsa-da, mitinglarning tartibi tizimli ravishda tartibga solinmaganini tan oldi.

“Ommaviy tadbir sifatida qarorlar belgilangan, lekin hamma miting ham ommaviy tadbirga tushmaydi. Bu yerda huquqiy nuqtai nazardan biz ishlashimiz kerak bo‘lgan masala mavjud. Men bitta narsani tushuntirib o‘tmoqchiman — Adliya vazirligi butun hamma sohadagi qonunchilikni yaratadigan tashkilot emas. Biz huquqiy siyosatni yuritamiz. Lekin hamma sohadagi vazirliklar o‘zini davlat siyosatini yuritadi. Masalan, sog‘liqni saqlash sohasida siyosatni yuritadigan tashkilot huquqiy nuqtai nazardan ham siyosatini tagidagi hujjatini o‘zi ishlab chiqishi kerak. Biz — umummilliy manfaatlar, umumdavlat, umummajburiy nuqtai nazardan ko‘rib, o‘rtada turib, buni jivolini ushlab turadigan tashkilotmiz”, — dedi u.

IIV “Miting, yig‘ilish va namoyishlar to‘g‘risida"gi qonun loyihasini 2020-yilning 18-avgustida jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilgan edi. Qonun loyihasining ilk varianti 2019-yilning iyun oyida taqdim etilgan edi.