Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bosim o‘tkazilib, ishdan bo‘shaganligi aytilgan qo‘mitaning sobiq matbuot kotibi holati bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi. Munosabat «Gazeta.uz» elektron pochtasiga yuborilgan.

Oldinroq «Gazeta.uz» Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot kotibi Bunyod Abdullayevga bosim bo‘lib, u ishdan bo‘shatilganligi haqida yozgan edi.

Bunyod Abdullayev bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov raisligidagi yig‘ilishda qo‘mitaning 6 nafar rahbar xodimi ishdan olinishi va ular orasida o‘zi ham aytilgani haqida ma’lum qilgandi. Abdullayev bu qaror u uchun kutilmagan bo‘lganligini, bundan oldin Prezident administratsiyasi vakillari bilan yig‘ilishda qo‘mita matbuot xizmati faoliyatiga ijobiy baho berilganini ta’kidlagan edi.

Uning aytishicha, bosh vazir o‘rinbosari bilan yig‘ilishda so‘z berishlarini so‘rab, qo‘lini ko‘targan, lekin hech kim unga e’tibor bermagan. U yig‘ilishi tugamasidan oldin chiqib ketgan.

Ekologiya qo‘mitasi matbuot kotibi ishdan haydalishiga Ochilboy Ramatov «shtabi»dan berilgan topshiriqni bajarishdan bosh tortganligi sabab bo‘lganligini ta’kidlagan edi. Unga bosh vazirning birinchi o‘rinbosarining imijini targ‘ib qilish maqsadida OAVda tarqatish uchun har juma kuni tasdiqlangan mavzu bo‘yicha ma’lumot taqdim etish so‘ralgan. Bunyod Abdullayev topshiriq yozma ravishda berilsagina bajarishini aytgan, lekin unga yozma topshiriq berilmagan.

Ekologiya qo‘mitasi munosabati

Qo‘mita «Gazeta.uz» tomonidan 10 fevral kuni e’lon qilingan maqolada keltirilgan «vajlar haqiqatga mos kelmasligini» aytmoqda. «Bunyod Abdullayevning unga yuqori idoralar vakillari tomonidan bosim o‘tkazilgani xususidagi da’volari hujjatli asosga ega emas», — deyiladi qo‘mita munosabatida.

«B. Abdullayevning „Gazeta.uz“ saytiga bergan yolg‘on ma’lumotlari Davlat ekologiya qo‘mitasi jamoasini hayratga solmoqda. Uning „yig‘ilishda so‘z so‘ragani“, „kasbdoshlari gaplashmay qo‘ygani“ kabi vajlari, oldingi yig‘ilishda maqtalgani ham noto‘g‘ridir. O‘sha muloqotda „mabuot xizmati bong urmayotgani“ tanqid qilingan aslida», — deyiladi xabarda.

Lekin, Gazeta.uz tomonidan e’lon qilingan maqolada hamkasblari Bunyod Abdullayev bilan gaplashmay qo‘ygani haqida ma’lumot berilmagan.

«Huquqi buzilganini talab qilayotgan jurnalistning o‘zi majburiyatlarini bajardimi, dalillanmagan mulohazalari bilan boshqalarga tuhmat qilmadimi, degan savol tug‘iladi. Zero, huquqini talab qiladigan har qanday shaxs avvalo majburiyatini bajarishi kerak», — deyiladi qo‘mita bayonotida.

«Agar B. Abdullayev aytayotganidek, rostdan unga noma’lum maslahatchi qandaydir g‘alati topshiriq bergan va buni yuqori organdagi kurator tasdiqlagan bo‘lsa, nega qo‘mita raisiga buni zudlik bilan ma’lum qilmadi? Nima uchun axborot siyosati bo‘yicha maslahatchi sifatidagi rahbar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilish huquqidan foydalanmadi? Ne sababdan mazkur voqelikni oradan muayyan vaqt o‘tgandan keyin tashkil etilgan umuman boshqa mavzudagi hay’at yig‘ilishi bilan bog‘lamoqda?», — deydi qo‘mita.

Ekologiya qo‘mitasi o‘zining Ichki mehnat tartibi qoidalarida belgilangan xodimlar majburiyatlari haqida eslatib, «xizmat doirasidagi axborotlarni va ish jarayonida ayon bo‘lgan boshqa cheklangan foydalanishdagi ma’lumotlarni oshkor qilinishiga yoxud undan g‘arazli va boshqa shaxsiy maqsadlarda foydalanilishiga yo‘l qo‘yilmasligi, qo‘mita va tizim faoliyatiga taalluqli bo‘lgan ma’lumotlar, axborotlarni sir saqlash, axborot xavfsizligi qoidalariga rioya qilish majburiyati» xodimlarga yuklatilganini ta’kidlaydi. Sobiq matbuot kotibi ushbu «qoidalar bilan avvaldan tanishtirilgan va unga rioya qilmaslik javobgarlikka sabab bo‘lishi xususida ogohlantirilgan».

Bundan tashqari, munosabatda Bunyod Abdullayevning hay’at yig‘ilishidan chiqib ketganligi qonun buzilishi hisoblanishi ta’kidlangan. Qo‘mita bunga Mehnat kodeksining 100-moddasi 4-bandida xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga olib kelishi mumkin bo‘lgan mehnat vazifalarini bir marta qo‘pol ravishda buzishlar ro‘yxatida ichki mehnat tartibi qoidalari alohida ko‘rsatilganligini asos qilgan.

Davlat ekologiya qo‘mitasining ta’kidlashicha, qo‘mita xodimining xulq-atvorini va kasbiy faoliyatini baholashda 2018 yil 15 iyun kuni tasdiqlangan Odob-ahloq qoidalariga rioya etilishini ma’lum qilgan. «Bunyod Abdullayev esa hukumat vakillari ishtirokida rasmiy tadbirda o‘zboshimchalik bilan ish tutganini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi», — deyiladi munosabatda.

Lekin qo‘mita qoidalarning aynan qaysi bandiga asosan xodim yig‘ilishdan chiqib ketishi taqiqlangani haqida ma’lumot bermagan.

Qo‘mita Bunyod Abdullayevning o‘z xohishi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishni so‘rab, ariza yozib ketganligini qayd etgan.