2020 yilda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun buzilgan mulklar bo‘yicha yetkazilgan zararlarning 55 foizi qoplab berilmagan, deya ma’lum qildi Bosh prokuratura boshqarma prokurori Abdurahim Muhiddinov.

«2020 yilning 1 yanvar holatiga buzilgan mulklar bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlaridan qariyib 443 mlrd so‘m qarzdorlik mavjud bo‘lgan, biroq o‘tgan yilda bu qarzdorlikning atigi 202 mlrd so‘mi yoki 45 foizi mulk egalariga qoplab berilgan, xolos», — deyiladi xabarda.

Ma’lumotga ko‘ra, to‘langan qarzdorlikning 151,5 mlrd so‘mi naqd pul, 10,7 mlrd so‘mi yer berish, 39,2 mlrd so‘mi mulk berish hisobiga to‘g‘ri kelgan.

Shu bilan birga, hududiy hokimliklar tomonidan buzilishlar bo‘yicha qabul qilingan 52,6 mlrd so‘mlik 196 ta qarorlarning 76 tasi yoki 39 foizi bo‘yicha amaldagi tartibga rioya etilmagan.