Namanganda yo‘lovchi avtobusdan yiqilib tushib, voqea joyida vafot etdi, deya xabar berdi Namangan viloyat IIB axborot xizmati.

10 fevral kuni soat 09:10 larda Namangan shahrida avtobusni yo‘l varaqasi bilan boshqarib ketayotgan haydovchi Navoiy ko‘chasida joylashgan bekat oldida yo‘lovchilarni olib, avtobusni eshigini yopmay, harakatni davom ettirgan. Eshiklarni yopgan vaqtida, orqa eshikda turgan yo‘lovchi, eshikka qisilib qolib, yerga yiqilgan.

Natijada, yo‘lovchi og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan.

Ushbu holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.