Navoiy viloyati Nurota tumanida mashinalar yonishidan, 2 kishi voqea joyida vafot etdi. Bu haqda «Zamon» ko‘rsatuvi xabar bermoqda.

Samarqand-Nurota yo‘nalishida «Cobalt» avtomashinasida harakatlanib kelayotgan 26 yoshli haydovchi o‘zidan oldinda ketayotgan avtomashinani quvib o‘tayotgan vaqtida, qarama qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan va ro‘parada kelayotgan «Tico» avtomashinasi bilan to‘qnashgan.

YTH natijasida mashinalar yonib ketgan.

«Tico» avtomashinasida 4 nafar fuqaro bo‘lgan. Old o‘rindiqdagi yo‘lovchiga yordam ko‘rsatilishiga qaramasdan u olgan tan jarohati tufayli voqea joyida vafot etgan. Shuningdek, mashina haydovchisini ham yong‘indan qutqarishning imkoni bo‘lmagan.

Yana ikki nafar yo‘lovchi Nurota tumani markaziy shifoxonasining jonlantirish bo‘limida davolanayotgani ma’lum qilindi.

«Cobalt» haydovchisi va undagi yo‘lovchilar o‘z vaqtida qutqarib qolingan.

Holat yuzasidan JK 266 modda 3 qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, tergov harakatlari olib borilmoqda.