Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Beruniy tuman bo‘limi tomonidan «Qoraqalpoqagrokimyohimoya» murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.

Bosh prokuraturaning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, tekshiruv vaqtida jamiyatning Beruniy tumani filiali mansabdorlari mavqeini suiiste’mol qilib, «Markaziy» mineral o‘g‘itlari tarqatish shahobchasiga tegishli, o‘zlariga ishonib topshirilgan mineral o‘g‘itlarni o‘zlashtirib yuborgani aniqlandi.

Natijada, qiymati 872,4 mln so‘mlik 446,9 tonna mineral o‘g‘itlar talon-toroj qilingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi (Juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.