Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudi 9-noyabr kuni So‘x tumani Chashma qishlog‘ida qo‘shni davlat fuqarolari bilan suv masalasidagi mojaroda ishtirok etgan 22 nafar fuqaroga nisbatan qo‘zg‘atilgan ishni ko‘rib chiqishni boshlagan edi.

Dastlabki tergov organi tomonidan 22 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) hamda 244-moddasi (Ommaviy tartibsizliklar) bilan ayblov e’lon qilgan edi.

Navbatdagi sud majlisida besh nafar jabrlanuvchi va bir nafar guvohning 2020-yilning 31-may kuni sodir bo‘lgan voqea bo‘yicha ko‘rsatuvi tinglandi, deya yozmoqda Daryo.uz nashri.

Bizda ayb yo‘q, tinchlikni saqlagani borgan edik

“30-maydan 31-mayga o‘tar kechasi xizmatda edim. 31-may kuni Chashma qishlog‘ida fuqarolar o‘rtasida o‘zaro nizo kelib chiqqani haqida xabar qilishdi. O‘sha kuni soat 11:00 da ommaviy tartibsizliklarni bartaraf qilish uchun Chashmaga chiqdik. Biz Chashmaga yetib borganimizda u yerda IIB xodimlari, chegarachilar va mansabdor shaxslar bor ekan. O‘zbekiston tomonidan ham, Qirg‘iziston tomonidan ham toshlar otilayotgan edi. Biz tartibni saqlashga harakat qildik. Odamlarni himoya qilib, jonli devorda turdik. Odamlar bizni chegaraning oxirgi nuqtasigacha surib olib bordi.

Odam juda ko‘p edi. Ko‘pchilikning ichida kimdir sherigimning qurolini tortib olishga urindi. Lekin qurolni ololmadi. Sherigim qurolini bo‘yniga osib olgandi. Shu qurolining ipiga bo‘g‘ilib, hushidan ketib qoldi. Men uni chetga olib chiqib, o‘ziga kelganidan keyin tez yordam mashinasida shifoxonaga jo‘natib yubordim. Keyin xizmatni davom ettirdim. Toshbo‘ron tungi 23:20 larga qadar davom etdi. Kechqurun Farg‘onadan IIB xodimlaridan iborat maxsus bo‘linma yetib keldi. Keyin tarqaldi odamlar.

To‘polonda menga ham tosh tegdi. Qovog‘im yorildi. Toshni kim otganini aniq bilmadim, lekin uni bizning fuqarolarimiz otgan edi. Ommaviy tartibsizliklarda ko‘pchilik jarohat oldi. Bizda nima ayb, biz tinchlik saqlagani borgan edik u yerga. Jarohatim bo‘yicha tibbiy yordam oldim. Lekin shikoyat qilmaganman. Sudlanuvchilardan birortasini tanimayman. Ularga hech qanday da’voyim yo‘q", — dedi jabrlanuvchi I.Sh.

Ikki marta o‘q uzildi

“Bu sud jarayonlari haqida anchadan buyon eshityapmiz, o‘qiyapmiz. Bloger do‘stlarimiz hammasini yoritib borishyapti. Adolatli sud bo‘lyapti. Buning uchun rahmat sizlarga.

31-may, yakshanba dam olish kuni bo‘lgani uchun uyda edim. Bir vaqt tez yordam va o‘t o‘chirish mashinalarining ovozi eshitila boshladi. Hamma joyni shovqin, vahimali ovozlar bosib ketdi. Nima bo‘lganini bilish maqsadida ko‘chaga chiqdim. Qarasam, hamma Chashma tomonga qarab ketyapti. Kasbim tufayli tumandagi masalalar bilan qiziqib, surishtirib turaman. Ayniqsa, tez yordam yoki o‘t o‘chirish mashinasi ovozini eshitsam, nima hodisa bo‘lganini bilishga harakat qilaman. Tibbiyotga — bosh shifokorga, ichki ishlarga yoki yong‘in xavfsizligi bo‘limiga telefon qilib, nima bo‘lganini so‘rashga odatlanganman. O‘sha kuni ham nima bo‘layotganiga aniqlik kiritish uchun ishxonaga bordim. Bilsam, juda notinchlik. Chashmada janjal chiqqanini aytishdi. Ishxonada o‘tira olmadim. Hokimiyatdagilar bilan bog‘lansam, ular Chashmaga ketib bo‘lgan ekan. Tezda yo‘lga chiqib, o‘sha yerga yetib bordim. Odam juda ko‘p edi. Mashinada tepagacha chiqishning iloji yo‘q ekan. Mashinani pastroqda qoldirib, u yog‘iga piyoda chiqdim.

Ko‘chaning boshida viloyat hokimining mashinasi turgan ekan. Men ham o‘sha tomonga bordim. Viloyat hokimi o‘sha yerda to‘planib turgan odamlarni tinchlantirib, tushuntirishga harakat qilayotgan edi. “Men bor, davlat bor, o‘zimiz hal qilamiz hamma muammoni. Sizlar tinchlaninglar, tarqalinglar”, — dedi viloyat hokimi. O‘sha yerdagi aholi Chashmadan ham suv ichadi, ham yerlarini sug‘oradi. Chashma bo‘lmasa, ular suvsiz qolib ketadi. Shuning uchun odamlar Chashma bizniki, deb talashishdi.

BBC Uzbek videosidan lavha.

Men ham odamlarni tartibga chaqirishga harakat qildim. Odamlar endi tinchlanganida yo tez yordam, yo o‘t o‘chirish mashinasi o‘tib qolardi va yana shovqin, to‘polon boshlanib ketardi. Odam ko‘p, vaziyat vahimali edi. Birov birovni tanimaydigan holat. Bir dona, bir donadan ikki marta o‘q uzilganini eshitdim. Tepadan juda ko‘p toshlar otildi. Menga ham tosh tegdi. Ko‘z oldim qorong‘ilashib ketdi. Chetga chiqib, o‘n daqiqacha devorga suyanib turdim. O‘zimni bir tekshirtirib, ahvolimni bilish uchun shifokorlarga ko‘rindim. Keyin bilsam, qon bosimim ko‘tarilib ketgan ekan. Lekin hech kimga shikoyat qilmadim. Keyin ishxonaga ketib, kuni bilan o‘sha yerda bo‘ldim. Shuning uchun qolgan voqealar qanday bo‘lganini ko‘rmadim. Qirg‘izlar palaxmondan o‘t otib, ikkita uyni yoqib yuborishganini eshitdim. Yonib ketgan uylarni hukumatimiz to‘liq tiklab berdi. Lekin u yerda hech kim yashamayapti hozir. Pastroqdan boshqa uy qilib berilgan ularga. Sudlanuvchilarning hammasini taniyman. Ko‘plari o‘zimning o‘quvchilarim. Ularni voqea joyida ko‘rmaganman. Sudlanuvchilarga hech qanday da’voyim yo‘q", — dedi jabrlanuvchi F.M.

Mashinalarning oynasi sinib yotgan ekan

“Tuman hokimligida ishlayman. 31-may yakshanba kuni edi. Ertalab ishxonadan telefon qilib, chaqirishdi. Hokimiyatga borib, xonamda ishlab o‘tirgandim. Soat 11:00 da telefon bo‘ldi. Chashmada janjal boshlanganini aytishdi. Televideniye xodimlari bilan Chashmaga bordik. Mashinadan 11-maktabning oldida tushib, keyin tepaga qarab yurdik. Tepada juda ko‘p odamlar to‘planib turganini ko‘rdim. Viloyat hokimi o‘sha yerda odamlar bilan suhbatlashayotgan ekan. “Sizlar orqaga qaytinglar, o‘zim borib hamma muammoni hal qilaman”, dedi viloyat hokimi.

So‘xda shunaqa odat bor: 27 ta mahallada yashaydigan odamlarning hammasi bir-birini taniydi. Ismini bilmasa ham, kim nima ish qilishini, qayerda ishlashini bilishadi. Men ko‘p yillar televideniyeda ishlaganman. Ko‘pchilik buni biladi. Shuning uchun mendan bo‘layotgan voqealarni tasvirga olishimni talab qilishdi. Men hozir televideniyeda ishlamasligimni, yonimda kamera yo‘qligini, s’yomka qilolmasligimni aytdim. Lekin odamlar bu gaplarni tushunishni istashmadi. Meni o‘rtaga olib, bir necha marta tasvirga tushirishimni talab qilishdi. O‘zi jigarim og‘riydi, anchadan beri kasal edim. Olomonning orasidan zo‘rg‘a chiqib oldim. Keyin ishxonaga qaytib ketdim.

Sudlanuvchilarning hammasini taniyman. Lekin voqea joyida ularning hech birini ko‘rmaganman. Qirg‘izlar tomondan maxsus palaxmonda tosh otishganini ko‘rdim. O‘sha joyda bitta Nexia va bitta harbiy mashinaning oynalari sinib yotgan edi. Lekin mashinalarga kim qachon tosh otganini, oynalarini sindirganini bilmayman", — dedi guvoh A.J.

Foto: Daryo.

Jabrlanuvchilar va guvohlarning ko‘rsatmalari tinglangach advokatlar va prokuratura xodimi ularga savollar bilan murojaat qildi.

Sud 12-fevral, juma kuni o‘z ishini davom ettiradi.

Ma’lumot o‘rnida, ushbu jinoyat ishi doirasida 9 nafar shaxsga nisbatan qamoqqa olish va 13 nafar shaxsga uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Sudlanuvchilar orasida ikki nafar voyaga yetmagan shaxs ham bor. Sudda voyaga yetmagan sudlanuvchilarning qonuniy vakillari ishtiroki ta’minlangan.

Eslatib o‘tamiz, “Gazeta.uz” avgust oxirida olti nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va ular orasida Farg‘ona viloyati sobiq hokimi Shuhrat G‘aniyev boshchiligidagi delegatsiyaga tosh otgan fuqaro ham bo‘lgani haqida yozgan edi.

Olti nafar ayblanuvchi qatorida, shuningdek, 22 yoshli Dadaxon Haydarov [iyun oyida bo‘lib o‘tgan bosh vazir bilan uchrashuvda hokimni o‘zgartirishni so‘ragan so‘xlik videobloger] va 28 yoshli Dilmurod Maxbubov ham qo‘lga olingan edi. Keyinchalik, 2 senyatbr kuni ular tergov ayblov qo‘ya olmagani bois qamoqdan ozod qilingandi.