Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida avtokredit berishni va’da qilgan korxona rahbari fuqarolar mablag‘larini o‘zlashtirganlikda ayblanmoqda. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura xabar bermoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi departament tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, «E.A.» xususiy korxonasi rahbari D.T. fuqarolarni yillik ustama to‘lovi 12 foizlik avto kredit berishga qiziqtirgan.

119 nafar fuqaro bilan 4 oy mobaynida tuzilgan shartnomalarga asosan avtomashina narxining 6 foiz miqdorida oldindan to‘lov shaklida korxona hisob-raqamiga 713,8 mln so‘m o‘tkazilgan.

Korxona rahbar ushbu mablag‘larni o‘zining shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuborgani aniqlangan.

Holat yuzasidan korxona rahbariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.