Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida mamlakatda barqaror epidemiologik vaziyatni saqlab qolish maqsadida koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Bu haqda SSV xabar bermoqda.

Yig‘ilishida shuningdek, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari Bahodir Yusupaliyevning O‘zbekiston delegatsiyasining Rossiyaga tashrifi va «Sputnik V» vaksinasini o‘rganish natijalari bo‘yicha hisoboti tinglandi.

Unda vaksinaning uchinchi bosqich klinik sinovlari yakuniga yetkazilgani hamda Rossiyada ro‘yxatdan o‘tkazilgani aytildi. Shuningdek, vaksinani O‘zbekistonda sertifikatlashtirish va ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha takliflar kelib tushgani ta’kidlandi.

Komissiya a’zolari Rossiya tomoni taqdim etgan uchinchi bosqich klinik sinovlari natijalari tahlilini muhokama qilib, birlamchi bosqichda sertifikatlashtirish hamda ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini boshlash mumkinligini ma’qulladi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» Komissiya qarori bilan Germaniyaga aviaqatnovlar bo‘yicha o‘rnatilgan cheklov bekor qilingani haqida yozgan edi. Shu bilan birga, koronavirusga qarshi birinchi navbatda emlanadigan aholi toifasi ham ma’lum qilindi.