Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulovning yopiq tarzda o‘tkazilgan yig‘ilishda tizimni isloh qilish borasida bildirgan fikrlari aks etgan audio yozuv Youtube tarmog‘iga joylandi.

Uning aytishicha, tizimni isloh qilish uchun uch oy muddat kifoya qiladi.

«Birinchi yig‘ilishda men qog‘ozni kamaytirishni aytdim. Hali erishganimiz yo‘q bunga, endi erishamiz. 3 oydan keyin rektor iloji boricha qo‘liga qog‘oz ushlamaydi, elektron bo‘ladi. Elektron imzo bilan ketadi. Umuman oliy ta’lim muassasasida nima yoqmagan bo‘lsa, nimadan qiynalgan va nima erish tuyulgan bo‘lsa hammasi isloh bo‘ladi. Bizga atigi uch oy kerak bo‘ladi», — deya ta’kidlagan Toshqulov.

«Vazirlik bilan integratsiya juda past va sust. OTM rektori yordamchisi vazir yordamchisi bilan qariyb gaplashmaydi. Bugun men vazirlikda xonalarni aylandim, xalqaro bo‘limga kirdim. „Nechta oliy ta’lim muassasangizda bu bo‘limda vakansiya bor“ desam bilmaydi. Nimani biladi? Nima ish bilan shug‘ullanadi? Umuman shunday tizim bo‘ladi — vazirlik OTMlar ahvolini so‘rab turadi. Kerak bo‘lsa har kuni axborot berasizlar. Vaziyat qanday, COVID bilan kasallanganlar yo‘qmi, qurilish bo‘layotgan bo‘lsa, u qanday ketayapti, dars sifati qanaqa — bugundan boshlab monitoring qilamiz», — dedi vazir.

U shuningdek, OTM rahbarlari mahalliy hokimlikdagi yig‘ilishlarga jalb qilinishi masalasiga ham to‘xtalgan.

«Qaysi viloyatda qaysi OTMlarimiz bir hafta mobaynida necha marta nechchi soat yig‘ilishga borayapti, buni ham qonuniy hal qilib beramiz. Tizimni sal qaddini ko‘tarib olish kerak», — degan OTM vaziri Abduqodir Toshqulov.

Avvalroq, OTM vaziri xorijlik mehmonlarni kutib olishga jalb qilinayotgan talaba qizlar bo‘yicha munosabat bildirib, «Nega mening gul qizlarim, gul ko‘tarib chiqishi kerak? U yerga ham o‘zingizni farzandingizni qo‘yib ko‘ring», degan edi. U bu holatni majburiy mehnatning bir ko‘rinishi deb atadi.