Prezident Shavkat Mirziyoyev chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorovga va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqovga davlat ulushlari mavjud korxonalarni xususiylashtirish jarayonlarini tezlashtirish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

«Qo‘chqorov, Ortiqovning ish faoliyatiga davlat ulushi mavjud korxonalarni joriy yilda uch baravarga qisqartirish natijalari bo‘yicha baho beriladi», — dedi davlat rahbari.

Prezident bosh vazir o‘rinbosari va agentlik direktoriga mart yakuniga qadar «Poytaxt» biznes majmuasi, 46 gektar hududga ega «Beldirsoy» va 76 gektar maydonli «Chorvoq» dam olish maskani, 4 gektarli «Malika» savdo kompleksi kabi 12 ta investorlar uchun jozibador ob’ektlarning sotilishini ta’minlashi zarurligini aytdi.

Akmalxon Ortiqovga aprel oyida «Kvars», «Jizzax plastmassa», «Kafolat sug‘urta» kabi 18 ta korxonalardagi davlat ulushini sotish vazifasi yuklatildi. Joriy yilning birinchi yarmiga qadar byudjetga 1 trln so‘m tushum tushishi shart, deya ta’kidladi prezident.

O‘tgan yilning oktyabr oyida prezident davlat ko‘chmas mulklarini ommaviy savdolarda xususiy sektorga sotishga oid farmonni imzolagan edi.