Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan poytaxt va Toshkent viloyatida o‘tkazilgan bir qator tezkor tadbirlar davomida jami 6 kg 370,17 gr giyohvandlik vositalari noqonuniy savdosining oldi olindi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga qo‘mita Axborot xizmati xabar berdi.

Tezkor tadbirlar dastlab, viloyatning Angren shahridagi restoranlardan birining oldida A ismli shaxs avvaldan kelishilgan 199,73 gramm «gashish» giyohvandlik vositasini shartli xaridorga 3000 AQSH dollariga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Shundan so‘ng, ushbu shaxsga pullarni Toshkent shahrida kutib turgan D ismli shaxsga yetkazib berish bo‘yicha telefonda ko‘rsatma berilgan. Giyohvandlik vositasi sotuvidan tushgan pullar aslida xorijiy davlat fuqarosi tomonidan olinishi lozim bo‘lgan.

Tezkor tadbir Toshkent shahar, Uchtepa tumanida davom etdi. Ushbu tuman hududidagi kafelardan birining yoniga Cobalt rusumli avtotransport vositasini boshqarib kelgan fuqaro E.D. 3000 AQSH dollarni olayotgan vaqtida ushlandi.

Uning avtomobili ko‘zdan kechirilganida mashina saloni va yukxonasida karton korobkalarga joylangan hech qanday hujjatlari bo‘lmagan umumiy qiymati 100 mln so‘mlik 17 xil turdagi jami 1951 quti dori-vositalari borligi aniqlangan.

Bundan tashqari, giyohvandlik vositasini qolgan qismini aniqlash bo‘yicha olib borilgan tezkor tadbir davomida jinoiy guruh a’zolari Angren shahardagi ko‘prik tagiga yashirib ketgan 900,3 gramm «gashish» ham topildi.

Yana bir jinoiy guruh a’zosi X.J. ning ijarada yashab kelayotgan xonadonidan esa 328,65 gramm «gashish» hamda ishga aloqador boshqa ashyolar aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida olindi.

Tergov davomida ushbu giyohvandlik vositalari qo‘shni davlatdan noqonuniy yo‘llar bilan olib o‘tilgani hamda sotish reja qilingani aniqlandi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, mazkur tezkor tadbirlar davomida 1 kg 428,68 gramm «gashish» giyohvandlik vositasi hamda 4,21 gramm «kannabis» urug‘i ashyoviy dalil sifatida olindi. Hozirda JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov organiga yuborilgan.

Boshqa bir holat — tezkor tadbir DXX bilan hamkorlikda Toshkent shahrida o‘tkazildi.

Kuzatuvga olingan fuqarolar D.T. hamda I.O. Nexia rusumli transport vositasidan tushib, ko‘p qavatli uylarning biri tomon harakatlanib ketayotgan vaqtida to‘xtatilgan. Uning yonidan qora polietilen paket ichida 2 dona skotch o‘ramlarda 1 kg 975 gramm «gashish» borligi aniqlangan.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati.

Holatni to‘liq fosh etish maqsadida davom ettirilgan tadbir davomida yana bir fuqaro S.K. boshqaruvidagi Nexia rusumli transport vositasi belgilangan tartibda ko‘zdan kechiriladi. Natijada avtomobilda harakatlanib kelgan fuqaro X.M.ga tegishli og‘irligi 2 kg 962,28 gramm «gashish» giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

Mazkur tadbirlar natijasiga ko‘ra, jami 4 kg 937,28 gramm «gashish» giyohvandlik vositasining noqonuniy savdosining oldi olindi. Ushbu holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zgatilgan va tergov davom ettirilmoqda.