Hukumat qarori bilan Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi. Bu haqda Huquqiy Axborot rasmiy kanali xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan boshlab barcha tashkilotlarda ish yuritish hujjatlari va boshqa hujjatlarni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ishlab chiqish, qabul qilish va e’lon qilish amaliyoti to‘liq joriy qilinadi.

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi. Lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosining yangi tahriri asosida «O‘zbek tilining imlo qoidalari»ni tasdiqlash bo‘yicha hukumat qarori ishlab chiqiladi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga (regulation.gov.uz) joylashtirish uchun taqdim qilingan loyihalar davlat tili qoidalariga muvofiqligi, shuningdek, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida tayyorlanganligi tekshirilgandan keyin muhokamaga chiqariladi.

Bundan tashqari, rasmiy veb-saytlar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tkaziladi.

Shuningdek, quyidagilarning lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida bo‘lishi ta’minlanadi:

  • shaxsni tasdiqlovchi guvohnomalar, ID-kartalar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs hamda chet davlat fuqarolarining yashash guvohnomalari;
  • ish qog‘ozlari, turli blanklar;
  • mamlakatdagi joy, ko‘cha, atamalar, tashkilotlarning nomlari, peshlavhalar, ommaviy targ‘ibot vositalari, reklama va e’lonlar.

Bundan tashqari, markaziy, mahalliy bosma va elektron OAV, internet saytlari, nashriyotlar, matbaa korxonalari faoliyati to‘liq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tkaziladi.