10 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev yangi tashkil etiladigan Digital Holding korxonasining vazifalarini belgilaydigan yangi qarorni imzoladi.

Avvalroq «USM Telecom» va MegaFon o‘zbekistonlik hamkorlar bilan birgalikda yangi qo‘shma korxona — Digital Holding’ni tashkil etishi haqida xabar bergan edik. Hukumat yangi qo‘shma korxonaga Ucell’ning 100% ustav kapitalini o‘tkazishni ko‘zda tutgan.

Qarorga ko‘ra, Digital Holding korxonasiga elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha konsultatsiya, markalash tizimini yaratishda ishtirok etish, raqamli bozorni yo‘lga qo‘yish, to‘lov xizmatlari tizimini yaratish, yangi telekommunikatsiya tizimini qurish kabi asosiy vazifalar qo‘yilgan.

Shuningdek, qarorda davlat organlari va boshqa tashkilotlarga Digital Holding bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar asosida, tenderlarsiz shartnomalar tuzishga ruxsat berilishi aytilgan. Investitsiya shartnomasi muddati davomida kompaniyalar ba’zi soliqlardan ozod qilinadi.

Shu bilan birga, kompaniyalarga o‘z ehtiyojlari uchun o‘zlarining yer usti stansiyalarini yaratish va xalqaro sun’iy yo‘ldosh aloqalari provayderlarini mustaqil tanlash huquqi berildi.

Bundan tashqari, Digital Holding stansiyalarni qurish uchun doimiy foydalanishga mo‘ljallangan yer uchastkalarini auksionlarsiz olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, «O‘zbektelekom»ga o‘z ehtiyojlari uchun «MegaFon» va Ucell bilan tashqi internet kanallarini (ya’ni Ucell «O‘zbektelekom» aloqa kanallaridan foydalangan holda tashqi kanallarni «MegaFon»dan sotib olish imkoniyati) sotib olish to‘g‘risida shartnoma tuzish tavsiya etiladi.