Hozirda tergov organiga 7 ta holat bo‘yicha Otabek Sattoriy ustidan murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ushbu holatlarga tergov yo‘li bilan oydinlik kiritilmoqda, деяхабар berdi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishiga ko‘ra, jinoyat ishining qo‘zg‘atilishi qonuniyligi o‘rganilganda, viloyat IIB huzuridagi TB tomonidan qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlanmadi.

Tergov ustidan Bosh prokuratura tomonidan nazorat o‘rnatilgan, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Surxondaryo rahbariyatini tanqid qiluvchi bloger Otabek Sattoriy tovlamachilik yo‘li bilan telefonni qo‘lga kiritganlikda gumonlanib hibsga olingan.

IIB matbuot kotibi Shoxrux G‘iyosov ijtimoiy tarmoqlarning faollari tomonidan jinoyat ishi bilan bog‘liq tekshirilmagan axborotni jamoatchilikka tarqatish orqali biror-bir maqsadga erishishga harakat qilish, tergov va sud organlarining faoliyatiga nisbatan sun’iy ravishda salbiy munosabat shakllantirish — tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish, deb baholanishini va jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishini ta’kidlagan edi.