Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) tomonidan tayyorlangan O‘zbekistondagi yirik banklarning 2020 yilning IV kvartali yakunlariga ko‘ra, faollik indeksida «Kapitalbank», Hamkorbank va «Aloqabank» eng yuqori o‘rinlarni egalladi (indeks Gazeta.uz tahririyatida mavjud).

Indeks ITIM tomonidan mamlakatdagi 31 ta tijorat banklari doirasida ishlab chiqilgan va u har chorakda yangilanib turiladi.

Indeksni hisoblashda banklarning moliyaviy vositachiligi, moliyaviy imkoniyati, kapital, aktivlar, boshqaruv samaradorligi, likvidlik kabi tamoyillar hisobga olinadi.

2020 yil 1 dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston bank tizimining aktivlari 366,1 trln so‘mni, majburiyatlar 307,8 trln so‘mni va kapital 58,4 trln so‘mni tashkil etdi. Ayni paytda bank tizimida 55 274 kishi ishlaydi.

Banklar ikki guruhga — katta va kichik banklarga bo‘lingan. Ushbu guruhlarning har biri uchun reyting alohida tuzilgan.

Yirik banklarning faollik indeksi


17 ta yirik banklar orasida «Kapitalbank» yetakchi bo‘ldi. Hamkorbank ikkinchi o‘rin, «Aloqabank» uchinchi o‘rinni egalladi.

«Kapitalbank»ning yetakchi bo‘lishiga moliyaviy vositachilik, aktivlar sifati va likvidlik bo‘yicha ko‘rsatkichlarining yuqori bo‘lganligi sabab bo‘ldi. Xususan, bankning muddatli depozitlari va kreditlarining umumiy miqdoriga nisbatani 85 foizni tashkil etdi.

Hamkorbank moliyaviy imkoniyatlar bo‘yicha yetakchi sifatida tan olindi. Bankning bitta filiali doirasida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan olinayotgan kreditlar soni boshqa banklarnikiga qaraganda ancha ko‘p. Hamkorbank, shuningdek, rentabellik va likvidlik darajasi bo‘yicha eng yirik banklar beshligiga kiradi.

«Aloqabank» esa moliyaviy vositachilik, kapital va aktivlar sifati bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarni namoyish etdi.

Kichik banklarning faollik indeksi


Kichik banklar bo‘yicha faollik indeksida «Davr bank», «Ziraat bank», shuningdek, «Universal bank» yetakchi o‘rinlarni egallashdi.

Batafsil tahlil «Iqtisodiy sharh» jurnalining navbatdagi sonida e’lon qilinadi. Tadqiqotning metodologiyasi va batafsil ma’lumotlarini o‘z ichiga olgan to‘liq hisobotni Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga (telefon: 78−150−02−02, elektron pochta: k.khamidov@cer.uz) so‘rov yuborish orqali olishingiz mumkin.